Malayziyada muqaddas Ramazon oyi saxovat aksiyasi o‘tkazilmoqda
Fevral 25, 2026. 08:15 • 2 daq
• 2PUTRAJAYA, 25-fevral. /“Dunyo” AA/. Malayziyaning maʼmuriy markazi sanalgan Putrajaya shahrida O‘zbekiston turistik pavilyoni tashkil etilib, muqaddas Ramazon oyi saxovat aksiyasi o‘tkazilmoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Shu yilning 19-fevralidan 19-martgacha davom etadigan aksiyada O‘zbekistonning ziyorat va gastronomik turizm salohiyati, boy madaniyati, yurtimizda ishlab chiqarilgan hunarmandchilik mahsulotlari namoyish etiladi.
Kuala-Lumpur shahridagi O‘zbekiston elchixonasi tomonidan o‘tkazilayotgan ushbu loyiha muborak Ramazon oyini munosib tarzda nishonlash hamda “Umra plyus” ziyorat turizmi dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.
Aksiya doirasida tashkil qilingan yarmarkada O‘zbekiston “Hunarmand” uyushmasi aʼzolari, mahalliy hamkor turkompaniyalar, mehmonxona va restoran vakillari ishtirok etayapti.
Tadbir doirasida O‘zbekistonning ziyorat turizmi keng targ‘ib qilinmoqda. Ishtirokchilarga respublikada turizm sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ziyorat turizmini jadal rivojlantirish va ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berilyapti.
Tashrif buyuruvchilar O‘zbekistonning tarixiy va zamonaviy sayyohlik markazlari, boy madaniyati, betakror arxitekturasi va sanʼati, milliy anʼanalari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘layapti.
“Ziyorat turizm”, “Tarixiy-madaniy turizm”, “Gastronomik turizm”, “Umra plyus” kabi sayyohlik dasturlari mahalliy aholi orasida keng targ‘ib qilinyapti.
Tadbirda respublika “Hunarmand” uyushmasi aʼzolari ishtirokida milliy hunarmandchilik, amaliy sanʼat, yengil sanoat va ipak mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi ham o‘tkazilmoqda.
O‘zbek gastronomik turizm salohiyatini malayziyaliklarga yaqindan tanishtirish uchun yarmarkaning rasmiy ochilish kuni iftorlik vaqtida o‘zbek palovi tarqatildi.
O‘zbekistonning tarixiy ziyoratgohlari, boy madaniyati, o‘zbek milliy taomlari malayziyaliklarda katta taassurot qoldirmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi







