Varshavada O‘zbekiston madaniyati kuni bo‘lib o‘tdi
Fevral 24, 2026. 19:27 • 2 daq
• 16VARSHAVA, 24-fevral. /“Dunyo” AA/. Polsha poytaxtida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Varshava universiteti hamkorligida “O‘zbekiston madaniyati kuni” tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Yurtimiz elchixonasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan mazkur tadbir mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, ilmiy-akademik aloqalarni mustahkamlash hamda O‘zbekiston–Polsha hamkorligini rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim platforma bo‘ldi.
Tadbirda Varshava universitetining Osiyo va Afrika madaniyatlari fakulteti Turkologiya va Markaziy Osiyo xalqlari bo‘limi mudiri Yan Rogala so‘z yuritib, o‘zbek xalqining buyuk mutafakkirlari Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy faoliyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Mazkur universitetning Ozarbayjon tadqiqotlari markazi rahbari Shaxla Kazimova O‘zbekistonning boy madaniyati, turizm salohiyati va ulkan tarixiy merosi haqida fikr bildirdi.
Tadbir davomida Alisher Navoiyning “Xamsa” dostoni konkordanslari taqdimoti o‘tkazilib, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘qituvchilari tomonidan mutafakkirning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan taqdimot namoyish etildi.
Shuningdek, Zahiriddin Muhammad Bobur ruboiylarining sharq tillariga tarjimalari jamlangan to‘plam taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida mazkur to‘plamdan namunalar turli sharq tillarida o‘qib eshittirildi.
Ishtirokchilar Varshava universiteti huzurida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan Turkologiya markazini rivojlantirish masalalari bo‘yicha ham fikr bildirdi. Mazkur markaz uchun alohida xona ajratilishi va unda o‘zbek xalqining boy madaniyati hamda ilmiy-adabiy merosini namoyish etuvchi ekspozitsiya tashkil etish lozimligi maʼlum qilindi.
Polsha tomoni ushbu markaz faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston tomonidan zarur o‘quv-uslubiy materiallar, adabiyotlar va madaniy-ekspozitsion jihozlar bilan ko‘maklashish masalasida taklif bilan chiqdi.
Tadbir yakunida tomonlar o‘rtasida ilmiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish, o‘zbek adabiy merosini xalqaro miqyosda tizimli ravishda targ‘ib etish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




