Logo

Dehlida O‘zbekiston va Hindiston olimlari tomonidan tashkil etilgan “So‘z.in” xalqaro ilmiy jurnali nashr etildi

Mart 29, 2026. 10:30 • 2 daq

262
Dehlida O‘zbekiston va Hindiston olimlari tomonidan tashkil etilgan “So‘z.in” xalqaro ilmiy jurnali nashr etildi

DEHLI, 29-mart. /“Dunyo” AA/. Dehlida O‘zbekiston va Hindiston akademik maktablari hamkorligi mahsuli bo‘lgan “So‘z.in” (“Suz.in”) xalqaro ilmiy jurnalining ilk soni chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur nashr Markaziy va Janubiy Osiyoning yetakchi sharqshunoslari, tilshunoslari va tarixchilari saʼy-harakatlarini birlashtirdi. “So‘z.in” ilmiy tafakkur orqali ikki mintaqa do‘st xalqlarining chuqur tarixiy va madaniy bog‘liqligini ochib berishga bo‘lgan intilishni ifodalaydi.

Javoharlal Neru universitetining Fors va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi rahbari, taniqli sharqshunos, professor Axlaq Ahmad Ahan Tahririyat kengashiga raislik qilmoqda. O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi professori Hulkar Hamroyeva bosh muharrir lavozimini egalladi.

Birinchi sonning mazmun-mohiyati taʼsischilar tomonidan belgilangan yuqori talablarga to‘liq javob beradi. Unda O‘zbekiston, Hindiston va Qozog‘iston olimlari hamda tadqiqotchilarining ilmiy maqolalari chop etilgan.

Mualliflar geografiyasi va mavzular rang-barangligi qamrovning kengligidan dalolat beradi. Tadqiqotchilar eʼtibori markazida Markaziy va Janubiy Osiyo xalqlarining tarixiy aloqalari, madaniy muhitning umumiy jihatlari, shuningdek, asarlari asrlar davomida mintaqalararo muloqot uchun asos bo‘lib xizmat qilib kelayotgan buyuk mutafakkirlar Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa allomalarning bebaho merosi o‘rin oldi.

- Ushbu jurnalning chop etilishi ajdodlarimizning boy merosini ommalashtirishga xizmat qiladi, shuningdek, yosh olimlar uchun o‘ziga xos yangi g‘oyalar inkubatoriga aylanib, Toshkent va Dehli o‘rtasidagi ilmiy-akademik poydevorni mustahkamlaydi, - dedi Hulkar Hamroyeva “Dunyo” AA ga bergan intervyusida.

“So‘z.in” jurnali nafaqat olimlar uchun minbar, balki birgalikdagi ilmiy ijod xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni qanday mustahkamlashi mumkinligini namoyish etuvchi muhim «yumshoq kuch» vositasiga aylanishi ko‘zda tutilgan.

Ekspertlarning taʼkidlashicha, jurnalning tashkil etilishi Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi ilmiy-akademik aloqalarni yana-da mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega. Barqaror gumanitar ko‘priklarga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgan sharoitda “So‘z.in” muloqot qilish, tadqiqot metodikalari bilan almashish va mintaqa tarixiga chuqur yondasha oladigan yangi avlod olimlarini tayyorlash uchun doimiy faoliyat yuritadigan maydon yaratadi.

“So‘z.in”ni tashkil etish tashabbusi strategik sheriklikning zamonaviy ruhiga mos keladi. Globallashuv davrida umumiy merosni asrab-avaylash va ilmiy anglash «yumshoq kuch» va taʼlim diplomatiyasining asosiga aylanmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish