Logo

Pokiston va O‘zbekiston ikki tomonlama savdo aylanmasini sezilarli darajada oshirish bo‘yicha 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan "yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqmoqda

Mart 09, 2026. 11:44 • 2 daq

196
Pokiston va O‘zbekiston ikki tomonlama savdo aylanmasini sezilarli darajada oshirish bo‘yicha 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan "yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqmoqda

ISLOMOBOD, 9-mart. /“Dunyo” AA/. Markaziy “The Nation” gazetasida Pokiston va O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha erishilgan yutuqlariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, Pokiston Bosh vazirining maxsus yordamchisi Horun Axtar Xon raisligida bo‘lib o‘tgan Pokiston - O‘zbekiston Qo‘shma ishchi guruhi yig‘ilishida ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, savdo aloqalarini kengaytirishning yangi imkoniyatlari muhokama qilingan.

Ishtirokchilar avval imzolangan anglashuv memorandumlari bo‘yicha erishilgan natijalarni ko‘rib chiqib, savdoni rivojlantirish, savdo yo‘nalishlarini takomillashtirish hamda bir qator sohalarda hamkorlikni kengaytirish masalalari xususida fikr almashgan.

“Horun Axtar Xon Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo hajmini sezilarli darajada oshirish maqsadida 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan besh yillik “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilayotganini maʼlum qildi. Uning aytishicha, O‘zbekiston bilan kelishilgan protokollarni amalga oshirish ham aynan ushbu strategik “yo‘l xaritasi” orqali taʼminlanadi. U Pokiston va O‘zbekiston iqtisodiy sheriklikning yangi bosqichiga qadam qo‘yayotganini, bu esa ikki tomonlama savdo va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlarni ochib berishini bildirdi”, – deyilgan materialda.

Tomonlar energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va sanoat kabi asosiy sohalarda hamkorlikni yana-da kengaytirishga kelishib olgan. Shuningdek, Markaziy Osiyoga chiqish imkoniyatlarini yaxshilash maqsadida mintaqaviy bog‘lanishni kuchaytirish va yangi savdo imkoniyatlarini o‘rganish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Maqola yakunida Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo hajmini sezilarli darajada oshirish uchun qo‘shma tashabbuslarni tezlashtirish muhimligi taʼkidlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish