Logo

Jeremi Xogg: Xivada sport, madaniyat va diplomatiya birlashib, ajoyib natija ko'rsatmoqda

Iyun 13, 2025. 09:41 • 2 daq

68
Jeremi Xogg: Xivada sport, madaniyat va diplomatiya birlashib, ajoyib natija ko'rsatmoqda

XIVA, 13-iyun. /"Dunyo AA/. "Pahlavon Mahmud – Strongmen Games" xalqaro turniri hakami va tashkilotchilaridan biri Jeremi Xogg (Yangi Zelandiya) "Dunyo" AA muxbiri bilan suhbatda O'zbekiston va Xiva shahrida bo'lib o'tayotgan musobaqalar haqidagi taassurotlari bilan o'rtoqlashdi:

– Bu mening ushbu musobaqalarda to'rtinchi bor ishtirok etishim. Dastlabki ikki marta men sportchi sifatida qatnashgan bo'lsam, oxirgi ikkita turnirda tashkilotchi sifatida butun dunyodan sportchilarni jalb etishga ko'maklashdim. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, turnirni tashkil etish jarayoni yildan yilga yaxshilanib bormoqda.

Menga "Strongmen" musobaqalarining oldindan aytib bo'lmas natijalari juda yoqadi. Ha, ilgari ko'plab sportchilar qop ko'targan, lekin aravani tortib borish – bu yangi daraja. Bu yerda nafaqat kuch, balki fikrlash qobiliyati, strategiya ham juda muhim rol o'ynaydi. Bu bizning sportni noyob qiladi. Bu yil ayniqsa Litva va Eron sportchilari ajralib turmoqda. Ular ajoyib tezlikni namoyish etdilar. Bellashuvlar murosasiz va ​​shiddatli o'tmoqda.

Bu yergacha yetib kelish, albatta, oson bo'lmadi. Jami 16 soat yo'l bosib o'tdik. Islandiyadan kelgan ba'zi sportchilar qariyb 24 soat uxlashmadi. Bu ushbu tadbirga bo'lgan katta qiziqishdan dalolat beradi. Biz ham Toshkentdan tungi soat uchda yetib kelganimiz uchun kam uxladik. Ammo charchoqqa qaramay, barchaning kayfiyati va ruhi baland!

Musobaqaning o'ziga keladigan bo'lsak, eronlik Reza Geytasi to'rt marta chempionlikni qo'lga kiritgan. U har doim kuchli raqib bo'lgan. Lekin bu yil, nazarimda, Litvadan tashrif buyurgan sportchi ham favoritga aylanishi mumkin.

O'zbekiston bizni juda iliq kutib oldi. Dastlabki ikki kunni Green Hills tog' kurortida o'tkazdik, u yerdagi tabiat ajoyib. Men ushbu go'zal manzarani videoga oldim va Avstraliyadagi do'stlarimga ko'rsatdim, ular juda hayratlanishdi. Ko'pchiligimiz hatto bu yerning qanchalik go'zal mamlakat ekanligini tasavvur ham qila olmaymiz. O'zbekiston o'z madaniy merosi, Buyuk ipak yo'li tarixi, arxitekturasi va eng muhimi, mehmondo'stligi bilan haqiqatan ham kishini lol qoldiradi.

Shuningdek, O'zbekistonning xalqaro munosabatlarni, jumladan Avstraliya va Yangi Zelandiya bilan aloqalarni rivojlantirishga qaratayotgan e'tibori va sa'y-harakatlari uchun samimiy minnatdorman. Bu yerda sport, madaniyat va diplomatiya birlashib, ajoyib natija bermoqda. Men ushbu tadbirning bir qismi bo'lganimdan g'ururlanaman.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish