Logo

Pak Yon Su: So'nggi yillarda O'zbekiston elektron hukumat sohasida sezilarli yutuqlarga erishdi

Iyun 25, 2025. 17:10 • 2 daq

107
Pak Yon Su: So'nggi yillarda O'zbekiston elektron hukumat sohasida sezilarli yutuqlarga erishdi

SAMARQAND, 25-iyun. / "Dunyo" AA/. Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vazirligi Xalqaro ma'muriy hamkorlik byurosi bosh direktori Pak Yon Su "Dunyo" AA uchun intervyusida 23-25-​​iyun kunlari Samarqandda bo'lib o'tayotgan BMT Davlat xizmati forumining ahamiyati haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Bugungi kunda O'zbekiston va Samarqand shahri davlat boshqaruvining kelajagi hamda global muammolarga birgalikda javob berish yo'llari bo'yicha xalqaro muloqotda muhim o'rin tutmoqda. O'zbekiston hukumati davlat boshqaruvining zamonaviy shakllarini rivojlantirish, jumladan, elektron hukumat va davlat sektori faoliyatiga innovatsion yondashuvlarni joriy etishga katta e'tibor qaratmoqda.

Shu nuqtai nazardan, BMT Davlat xizmati forumi ko'plab mamlakatlar vakillarini birlashtirgan ajoyib platforma bo'ldi. Ishtirokchilar dolzarb muammolarni muhokama qilish va davlat institutlari faoliyati samaradorligi va shaffofligini oshirishga qaratilgan qo'shma qarorlarni ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo'ldilar.

Men Koreya Respublikasi vakiliman. O'tgan yili mamlakatimiz xuddi shunday konferensiyaga mezbonlik qilgan edi va menimcha, bizda o'zaro bo'lishishimiz mumkin bo'lgan ko'plab o'xshash manfaatlar va umumiy vazifalar mavjud. O'zbekiston davlat sohasida raqamlashtirish va innovatsiyalarga har tomonlama qiziqish bildirmoqda va bu yo'nalishlarda mamlakatlarimiz o'rtasida yaqin ikki tomonlama hamkorlik allaqachon yo'lga qo'yilgan.

Forum ko'p tomonlama formatda – BMT shafeligida va O'zbekistonning faol ko'magida tashkil etilganiga qaramay, u mamlakatlar o'rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga ham ulkan hissa qo'shadi. Bu davlat boshqaruvi islohotlari va raqamli yechimlarni joriy etish sohasidagi sheriklikni mustahkamlash uchun ajoyib imkoniyatdir.

Hozirda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan faol islohotlarga alohida e'tibor qaratish lozim,deb o'ylayman. Ular davlat xizmatlari sifatini oshirish, ularni aholiga yaqinlashtirish, byurokratiyani qisqartirish hamda fuqarolar va davlat o'rtasidagi raqamli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Mamlakatlarimiz – Janubiy Koreya va O'zbekiston allaqachon elektron hukumat sohasida hamkorlik qilib kelmoqda. Menimcha, so'nggi yillarda O'zbekiston bu yo'nalishda katta muvaffaqiyatlarga erishdi. O'zbekiston doimiy rivojlanishga intilishini namoyish etmoqda va respublikaning xalqaro tajribaga ochiqligi uni davlat xizmati kelajagi haqidagi global muloqotning muhim ishtirokchisiga aylantiradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish