Logo

"Uzbekistan Airways" Toshkent – Islomobod yo'nalishidagi parvozlar sonini haftasiga ikkita oshirdi

Oktabr 29, 2025. 11:36 • 2 daq

236
"Uzbekistan Airways" Toshkent – Islomobod yo'nalishidagi parvozlar sonini haftasiga ikkita oshirdi

ISLOMOBOD, 29-oktyabr. /"Dunyo" AA/. 28-oktyabrdan boshlab "Uzbekistan Airways" AJ Toshkent-Islomobod yo'nalishida haftasiga ikkinchi muntazam aviaparvozlarni yo'lga qo'ydi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur yo'nalishdagi ilk muntazam parvozlar joriy yil 14-iyunda yo'lga qo'yilgan edi.

O'zbekiston milliy aviatashuvchisining Pokistonga amalga oshirayotgan reyslari soni haftasiga 4 taga yetdi. Jumladan, seshanba va shanba kunlari – Islomobodga, chorshanba va juma kunlari – Lahorga parvozlar amalga oshirilmoqda.

28-oktyabr kuni Toshkentdan uchgan samolyot mahalliy vaqt bilan soat 06:50 da Islomobod xalqaro aeroportiga qo'ndi. Ushbu parvozning dastlabki reysi uchuv jamoasi va yo'lovchilari Pokiston Ta'lim va kasbiy tayyorgarlik davlat vaziri Vajiha Qamar, O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev, Islomobod xalqaro aeroporti direktori Said Aftab Ali Shah Gilani hamda Fuqaro aviatsiyasi mutasaddilari tomonidan tantanali ravishda kutib olindi.

Ushbu parvozlar ikki davlat o'rtasidagi iqtisodiy diplomatiyani kengaytirish, madaniy-gumanitar va ilmiy-akademik almashuvlarni rivojlantirish, turistlar oqimini oshirishda muhim qadam sifatida baholandi.

Bu yo'nalishdagi parvozlar nafaqat ikki mamlakat o'rtasidagi o'zaro tashriflarni osonlashtirmoqda, balki Yevropa, Osiyo, Yaqin va Uzoq Sharq, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga amalga oshiriladigan tranzit parvozlar uchun ham qulay imkoniyatlar taqdim etmoqda.

Tadbir doirasida Islomobod xalqaro aeroporti direktori Said Aftab Ali Shah Gilani bilan uchrashuv ham o'tkazildi.

Suhbat chog'ida parvozlar sonining oshishi ikki davlat o'rtasidagi transport-kommunikatsiya aloqalarini mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish va xalqlar o'rtasidagi do'stlik rishtalarini yanada yaqinlashtirishga xizmat qilishi ta'kidlandi.

Uchrashuvda Islomobod xalqaro aeroporti va O'zbekiston aeroportlari o'rtasida yo'lovchilarga xizmat ko'rsatish sifatini oshirish va parvoz oldi jarayonlarini takomillashtirish borasida tajriba almashish, kadrlar malakasini oshirish bo'yicha maxsus dasturlarni ishlab chiqish, mazkur aeroport imkoniyatlaridan foydalangan holda qo'shma madaniy, turistik va targ'ibot tadbirlarini tashkil etish borasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish