Logo

Misrda vositachi davlatlar rahbarlari G'azo sektorida o't ochishni to'xtatish to'g'risidagi deklaratsiyasini imzoladilar

Oktabr 14, 2025. 11:22 • 2 daq

315
Misrda vositachi davlatlar rahbarlari G'azo sektorida o't ochishni to'xtatish to'g'risidagi deklaratsiyasini imzoladilar

SHARM ASH-SHAYX, 14-oktyabr /"Dunyo" AA/. AQSh, Misr, Qatar va Turkiya yetakchilari Sharm-ash-Shayxdagi sammitda G'azo sektorida o't ochishni to'xtatish to'g'risidagi deklaratsiyasini imzoladilar, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri "CNN" telekanali ma'lumotiga tayanib.

Oliy darajadagi tadbirda 30 ga yaqin davlat rahbarlari, shuningdek, sentyabr oyida G'azo sektoridagi o'tish davri ma'muriyatiga rahbarlik qilish istagini bildirgan Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bleyr bilan birga BMT va Arab ligasi bosh kotiblari ishtirok etdi.

Ta'kidlash joizki, sammitda nizolashayotgan tomonlar – Xamas va Isroil vakillari ishtirok etmagan. Prezident Donald Tramp Bosh vazir Benyamin Netanyaxuni Misrga taklif qildi, biroq u Simxat Tavrot bayrami boshlanganini aytib, rad javobini berdi.

Sammitdan so'ng vositachi davlatlar G'azo sektorida o't ochishni to'xtatish deklaratsiyasini imzoladi. "Birgalikda biz imkonsiz deb o'ylagan narsaga erishdik. Nihoyat Yaqin Sharqqa tinchlik o'rnatildi", – dedi AQSh rahbari sammitdagi nutqida.

Misr Prezidenti Abdulfattoh As-Sisiy kelishuvni tarixdagi og'riqli sahifani yopuvchi va tinchlikning yangi davrini boshlab beruvchi deb atadi. Uning qo'shimcha qilishicha, falastinliklar erkinlik va Isroil bilan tinchlik, xavfsizlik va o'zaro tushunishda yonma-yon bo'lgan mustaqil davlatda yashash huquqiga ega.

Davlat rahbari yaqin orada sektorni tinch yo'l bilan tiklash bo'yicha konferensiya o'tkazilishi ham ma'lum qildi. "Yaqin kunlarda Misr AQSh bilan hamkorlarimiz bilan kelishilgan holda G'azo sektorini qayta qurish uchun poydevor qo'yish ustida ish olib boradi", dedi u.

"CNN" telekanalining ma'lumotiga ko'ra, "Biz bag'rikenglik, qadr-qimmat va har bir inson uchun teng imkoniyatlarga intilamiz, bu mintaqa irqi, dini va millatidan qat'iy nazar, barcha o'z intilishlarini tinchlik, xavfsizlik va farovonlikda ro'yobga chiqarishi mumkin bo'lgan zaminga aylanishi uchun harakat qilamiz", – deyilgan deklaratsiyada.

Misrda imzolangan hujjat bir kun avval amalda amalga oshirilgan Isroil va HAMAS o'rtasidagi o't ochishni to'xtatishning birinchi bosqichini rasmiylashtiradi. Asirlar almashinuvi va Isroil qo'shinlarining G'azodan qisman olib chiqilishiga yo'l ochdi. Isroil ham gumanitar yuk blokadasini olib tashladi va oylar davomida kutgan yuk mashinalarining sektorga kirishiga ruxsat berdi.

"Reuters" agentligi olgan surat

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish