O'zbek milliy taomlari Tailandda nashr etilgan "Dunyo pazandachilik hikoyalari" kitobiga kiritildi
Dekabr 11, 2024. 12:44 • 2 daq
• 1175
BANGKOK, 11-dekabr. "Dunyo" AA/. O'zbekistonning o'ziga xos pazandachilik san'ati Tailandda chop etilgan "Dunyo pazandachilik hikoyalari" ("Global Culinary Stories") kitobidan o'rin oldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Mazkur nashr "Elite+" jurnalining xalqaro masalalar bo'yicha maslahatchisi Ketlin Pokrud tomonidan tuzilgan. Unda Tailanddagi 45 ta xorijiy diplomatik vakolatxonalar tomonidan taqdim etilgan milliy oshxonalar haqidagi maqolalar o'rin olgan.
Kitob so'zboshisi Tailand malikasi Maha Chakri Sirindhorn tomonidan yozilgan. Malika ikkita qirollik taomlari retseptlari bilan o'rtoqlashgan.
Tailand tashqi ishlar vaziri Maris Sandgyampongsa nashr uchun maxsus yozgan qutlov so'zida "Global Culinary Stories" kitobi – bu barchani birlashtiruvchi turli madaniyatlar va hikoyalarni aks ettiruvchi taomlar tayyorlanish hikoyalari va retseptlarining boy to'plami ekanligini ta'kidlagan. Vazirga ko'ra, milliy taomlar umumbashariy chegaralardan oshib, odamlar o'rtasida hamjihatlikni mustahkamlash imkonini beradi.
Kitobda O'zbekistonning Bangkokdagi bosh konsuli Faxriddin Sultonovning uch ming yildan beri shakllangan, o'zining nafis taomlari bilan mashhur bo'lgan va boy pazandalik an'analarini mujassam etgan o'zbek oshxonasi haqidagi maqolasi o'rin olgan. Unda o'zbek palovi, manti va somsa kabi mashhur milliy taomlarimizni tayyorlash usullari bo'yicha retseptlar taqdim etilgan.
Kitob taqdimot marosimida diplomatik korpus, davlat va xususiy sektor vakillari ishtirok etdi. Tadbir doirasida, uning ishtirokchilariga O'zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan o'zbek palovi, somsa va turli xil shirinliklar ulashildi.
O'zbekiston milliy oshxonasi asosiy taomlarining "Dunyo pazandachilik hikoyalari" kitobiga kiritilishi nafaqat mamlakatimiz gastronomik salohiyatini namoyish etadi, balki xalqlar o'rtasidagi madaniy tafovutlarni bartaraf etish va o'zaro tushunishni rivojlantirishda pazandachilik san'atining ahamiyatini ham ko'rsatadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi