Logo

O'zbekiston va Pokiston havo qatnovini tiklamoqda

Oktabr 20, 2024. 10:44 • 2 daq

504
O'zbekiston va Pokiston havo qatnovini tiklamoqda

ISLOMOBOD, 20-oktabr. /"Dunyo" AA/. "Uzbekistan Airways" milliy aviakompaniyasi joriy yilning 15-noyabridan e'tiboran "Toshkent–Lahor–Toshkent"  to'g'ridan-to'g'ri havo qatnovlarini yo'lga qo'ymoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston Prezidentining Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy bog'liqligi tashabbusini hayotga tadbiq etish, O'zbekiston va Pokiston o'rtasida savdo-iqtisodiy, siyosiy, madaniy-gumanitar aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, xalq diplomatiyasini jadal ilgari surish maqsadida 2024-yil sentyabr oyidan boshlab pokistonliklar uchun yurtimizga kirish vizasini rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi.


To'g'ridan-to'g'ri reyslar xalqlarimiz o'rtasidagi do'stlik rishtalarini yana-da mustahkamlash, ikki davlat turizm salohiyatini ilgari surish, o'zaro tashriflar uchun sarflanadigan vaqtini tejash, barcha sohalardagi aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.


Milliy aviakompaniya xalqaro parvozlari ko'lami, xizmat ko'rsatish sifati, iqtisodiy afzalliklari, mamlakatimizning tranzit xab sifatidagi salohiyati pokistonlik va ushbu mamlakatdan parvoz qiluvchi xorijlik yo'lovchilar uchun keng imkoniyatlar yaratadi.


Hozirda O'zbekiston va Pokiston shaharlari o'rtasida yangi yo'nalishdagi aviaqatnovlarni yo'lga qo'yish bo'yicha muzokaralar davom etmoqda.


– O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan pokistonliklar uchun viza rasmiylashtirish tartibining soddalashtirilgani hamda to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlarning yo'lga qo'yilayotgani Pokiston jamiyati uchun quvonarli hodisa bo'ldi, – dedi mamlakatimiz faxriy konsuli Najib Vohra. – Bu O'zbekiston yetakchisining mintaqaviy bog'liqlikni qayta tiklash borasidagi siyosati qat'iy va bu jarayon endi ortga qaytmasligidan dalolat beradi. Mintaqalarimiz o'rtasida qayta tiklanayotgan aloqalarga yangicha mazmun baxsh etadi. Ishbilarmonlar uchun vaqt eng qimmatbaho ne'mat va qayta tiklanmas resurs hisoblanadi. Biznes doira vakili sifatida ishonch bilan ayta olamanki, yo'lga qo'yilayotgan yangi aviamarshrut ikki mamlakat tadbirkorlarining o'zaro safarlari davomida sarflanadigan vaqtini tejab, aloqalarni jadallashtiradi, yangi qo'shma loyihalar uchun yo'l ochadi.


Bundan tashqari, pokistonliklar uchun O'zbekistonning, jumladan Toshkentning transport va tranzit xabi sifatidagi imkoniyatlaridan keng foydalanish imkonini beradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish