Logo

IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi Italiya ommaviy axborot vositalari diqqat markazida

Iyun 14, 2025. 10:11 • 2 daq

82
IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi Italiya ommaviy axborot vositalari diqqat markazida

RIM, 14-iyun. /"Dunyo" AA/. Italiyaning "Affari Italiani" gazetasida poytaxtimizda bo'lib o'tgan to'rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumiga (TXIF) bag'ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda forum ishida dunyoning yuzdan ortiq davlatidan 3 mingdan ortiq ishtirokchi, 7 ta davlat va hukumat rahbari, 15 dan ortiq vazir, shuningdek, jahon iqtisodiyotining muhim tarmoqlarini ifodalovchi 30 ga yaqin xalqaro hamkor va homiylar ishtirok etgani qayd etilgan.


"Tadbirning xalqaro ahamiyati 80 dan ortiq yetakchi xalqaro ommaviy axborot vositalarida yoritilishi bilan ham ta'kidlanadi, –deyiladi maqolada. – Davlat rahbarlari, vazirlar, tadbirkorlar va innovatorlar O'zbekistonning sarmoyaviy imkoniyatlarini o'rganish hamda mamlakatning Markaziy Osiyoning strategik markazi maqomini mustahkamlash maqsadida yig'ilishdi."


Materialda forum ishida Italiyaning Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana boshchiligidagi 40 dan ziyod kompaniya rahbarlaridan iborat delegatsiya ishtirok etgani xabar qilingan.

Bundan tashqari, 2025-yilning 12-13-iyun kunlari Samarqand shahrida birinchi O'zbekiston-Italiya hududlararo forumi bo'lib o'tgani ma'lum qilingan.


Italiya bosma nashri, shuningdek, forumning strategik hamkorlari "Uzum", "ACWA Power" va Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo'li loyihasida ishtirok etuvchi "KOC Construction" kompaniyalari bo'lgani haqidagi ma'lumotlarni ham mushtariylar e'tiboriga taqdim etgan.


"O'zbekiston va Italiya hukumati hamkorligida tashkil etilgan forum ikki mamlakat hududlari o'rtasidagi iqtisodiy va madaniy sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan. TXIF-2025 va hududlararo forum natijalari O'zbekiston, Italiya va xalqaro hamjamiyat o'rtasida farovon hamda innovatsion kelajak uchun katalizator bo'lib xizmat qiladi", – deb yozilgan "Affari Italiani" gazetasi maqolasida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish