Logo

Pokiston delegatsiyasi IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida faol ishtirok etdi

Iyun 16, 2025. 11:48 • 57 soniya

57
Pokiston delegatsiyasi IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida faol ishtirok etdi

ISLOMOBOD, 16-iyun. /"Dunyo" AA/. Pokiston temir yo'llar vazirining birinchi o'rinbosari Mazhar Ali Shah boshchiligidagi ushbu mamlakat delegatsiyasi joriy yilning 10-12 iyun kunlari poytaxtimizda bo'lib o'tgan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida faol ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Jumladan, ushbu davlat delegatsiya tarkibidan 28 nafar yetakchi kompaniyalar rahbarlari, 4 ta davlat tashkilotlari vakillari va 3 nafar OAV xodimlari o'rin oldi.

Pokiston delegatsiyasi rahbari forum doirasida O'zbekiston transport vazirining birinchi o'rinbosari Jasur Choriyev va "O'zbekiston temir yo'llari" AJ birinchi o'rinbosari Husnuddin Rahmetov bilan ikki tomonlama muzokaralar o'tkazdi. Uchrashuvlarda Transafg'on temir yo'li loyihasini amalga oshirish bo'yicha keyingi qadamlar muhokama qilindi.

Shuningdek, Pokiston ishbilarmon doiralari vakillari Qoraqalpog'iston Respublikasi, Surxondaryo, Namangan, Farg'ona, Buxoro va Sirdaryo viloyatlari hokim o'rinbosarlari va mahalliy tadbirkorlar bilan B2B shaklida uchrashuvlar o'tkazdi. Muzokaralar davomida teri va junni qayta ishlash, to'qimachilik, farmatsevtika, qurilish materiallari hamda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohalarida hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Bundan tashqari, Pokiston delegatsiyasi a'zolari forum doirasida "Qoraqalpog'istonning iqtisodiy rivojlanish strategiyasi: mavjud holat, o'sish yo'nalishlari va kelajakdagi imkoniyatlar" mavzusida bo'lib o'tgan panel sessiyasida ham ishtirok etdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish