Logo

"Arab News" gazetasi: Saudiya Arabistoni kompaniyasi O'zbekistonda shamol elektr stansiyalari uchun turbinalar va qanotlarni ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

Iyun 19, 2025. 11:12 • 2 daq

72
"Arab News" gazetasi: Saudiya Arabistoni kompaniyasi O'zbekistonda shamol elektr stansiyalari uchun turbinalar va qanotlarni ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

AR-RIYOZ, 19-iyun. /"Dunyo" AA/. Saudiya Arabistonining "Arab News" gazetasida "ACWA Power" kompaniyasi O'zbekiston bilan 5 milliard dollarlik investitsiyaviy bitim tuzishni rejalashtirmoqda" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ma'lum qilinganidek, "ACWA Power" O'zbekiston energetika sektoridagi eng yirik xorijiy investor hisoblanadi. "Kompaniya O'zbekistonga 5 milliard dollar sarmoya kiritmoqchi va bu bilan uning mamlakat energetika sohasidagi yetakchi xorijiy investor maqomini tasdiqlaydi",– deb ta'kidlangan nashrda

"ACWA Power" kompaniyasining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sumendra Rout IV Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi taqdimotida, ushbu bitim kompaniyaning mamlakatdagi umumiy majburiyatlarini 15 milliard dollargacha oshirish strategiyasining bir qismi ekanligini ma'lum qildi.

Nashrda bugungi kunga qadar "ACWA Power" kompaniyasi O'zbekistonda umumiy qiymati 5 milliard dollarlik 19 ta loyihani amalga oshirganiga e'tibor qaratilgan.

"Biz bu bilan to'xtab qolmaymiz. Maqsadimiz sarmoyalarni kengaytirishdir. Forum davomida biz O'zbekiston hukumati bilan 5 milliard dollarlik yangi shartnoma imzolashni rejalashtirganmiz", – deya Sumendra Rout so'zlaridan iqtibos keltirilgan materialda.

Maqolada yozilishicha, forumda so'zga chiqqan "ACWA Power" kompaniyasining Markaziy Osiyo bo'yicha prezidenti Abid Malik O'zbekistonda shamol turbinasi komponentlarini, jumladan, qanot va turbinalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihasi rejalashtirilganini ma'lum qildi. Uning aytishicha, "ACWA Power" yetkazib beruvchilar bilan faol hamkorlik qilmoqda va qayta tiklanadigan energiya loyihalarida ishlayotgan mahalliy korxonalarga texnik yordam ko'rsatmoqda.

Nashrda ta'kidlanishicha, Qoraqalpog'istonda 200 megavatt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish bo'yicha amalga oshirilayotgan loyiha doirasida "ACWA Power" o'zining turbina yetkazib beruvchisiga O'zbekistonda ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish bo'yicha ko'rsatma berdi.

"Bizning yetkazib beruvchimiz yaqin kelajakda to'g'ridan-to'g'ri mamlakatda shamol turbinalari va qanotlarini ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirmoqda", – deya Abid Malik so'zlaridan iqtibos keltirilgan maqolada.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish