Baliq yemini ishlab chiqarishda Daniya bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
Aprel 28, 2026. 12:00 • 2 daq
• 209
STOKGOLM, 28-aprel. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Daniyadagi elchixonasi diplomatlari va ushbu davlatda faoliyat yurituvchi “Aller Aqua” kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida onlayn muzokara o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv davomida akvakultura yo‘nalishida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari, xususan, O‘zbekistonda Daniyaning ilg‘or texnologiyalari asosida zamonaviy baliq yemini ishlab chiqarishni tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.
Kompaniya vakillari O‘zbekiston bozoriga yuksak qiziqish bildirib, loyihani amalga oshirish uchun istiqbolli maydonlar sifatida Farg‘ona vodiysiga yaqin hududlar, xususan, Toshkent va Andijon viloyatlaridagi sanoat zonalari ko‘rib chiqilayotganini qayd etdi.
O‘z navbatida, diplomatlar mamlakatdagi qulay sarmoyaviy muhit, erkin va maxsus sanoat zonalaridagi imtiyozlar, zarur infratuzilmaning mavjudligi hamda davlat idoralari bilan bevosita hamkorlik qilish mexanizmlari to‘g‘risida maʼlumot berdi.
Tomonlar joriy yil davomida marketing tadqiqoti va texnik-iqtisodiy tahlil o‘tkazish, biznes-reja ishlab chiqish hamda kelgusi yildan investitsiya loyihasini amalga oshirishning amaliy bosqichiga o‘tish niyatida ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida shu yil iyun oyida kompaniya delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
1964-yilda Daniyada tashkil etilgan “Aller Aqua” kompaniyasi baliq havzalari uchun yuqori sifatli ozuqa ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, Yevropa, Osiyo va Afrika mamlakatlarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi