Navoiy viloyatida tibbiy uskunalar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyiha muhokama qilindi
May 02, 2026. 09:10 • 2 daq
• 358KARACHI, 2-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev va Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi delegatsiya Karachi shahrida “Alsons Group” kompaniyasi direktori Akbar Allana bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida sanoat, texnologiya va investitsiya sohalaridagi o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, Navoiy viloyatida mazkur kompaniya ishtirokida tibbiy asbob-uskunalarni ishlab chiqarish va ularni mahalliylashtirishga qaratilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
O‘zbekiston hamda qo‘shni davlatlarda tibbiy asbob-uskunalarga bo‘lgan talabning yuqoriligi, import hajmining yil sayin ortib borayotgani qayd etildi. Shu bilan birga, mazkur sohada mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish va samarali servis tizimini shakllantirish dolzarb vazifa ekani taʼkidlandi.
O‘zbekiston tomoni pokistonlik hamkorlarga Navoiy viloyatida tibbiy asbob-uskunalar uchun servis va yig‘ish markazini tashkil etishni taklif qildi. Kislorod terapiyasi apparatlari bo‘yicha pilot loyihalarni amalga oshirish masalalari ilgari surildi. Sohada kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qaratilgan qo‘shma taʼlim dasturlarini joriy etish taklif etildi.
“Alsons Group” direktori taklif etilgan investitsiya loyihalariga katta qiziqish bildirib, kompaniya mutaxassislarini Navoiy viloyatiga yuborishga tayyor ekanini taʼkidladi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida tibbiy texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


