Logo

O'zbekiston tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Rossiya elchisi bilan uchrashdi

Noyabr 12, 2025. 23:22 • 52 soniya

277
O'zbekiston tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Rossiya elchisi bilan uchrashdi

TOSHKENT, 12-noyabr. /"Dunyo" AA/. Bugun O'zbekiston tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Olimjon Abdullayev Rossiya elchisi Aleksey Yerxov bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuv O'zbekiston Prezidentining 2024-yil 17-oktabrdagi 367-sonli "Chet elda mehnat faoliyati jarayonlarini tartibga solish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etildi.

Suhbat davomida O'zbekiston fuqarolarining Rossiyada mehnat faoliyatini tartibga solish, shuningdek, mehnat migratsiyasi bilan bog'liq jarayonlarni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar "pilot loyiha"ni qayta yo'lga qo'yish, jumladan, migratsiya tartib-taomillarini, tibbiy ko'rikni hamda rus tili imtihonini Toshkent va Jizzaxdagi Rossiya oliy o'quv yurtlari filiallariga ko'chirish, rus tili, tarixi va qonunchiligi bo'yicha o'quv markazlarini tashkil etish masalalarida fikr almashdilar. Shuningdek, kasbiy ta’lim tizimida o'qituvchilar va ishlab chiqarish xodimlarini tayyorlashga Rossiyadan mutaxassislarni jalb etish muhokama qilindi.

Uchrashuvda migratsiya reydlari davomida O'zbekiston fuqarolarining huquqlari buzilmasligi va kamsitilmasligi zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar mehnat migratsiyasiga oid masalalarni tezkor hal etish maqsadida tuzilgan ishchi guruh doirasida muntazam uchrashuvlar o'tkazib borish yuzasidan kelishib oldilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish