O'zbekistonning Italiyadagi elchisi o'z missiyasini yakunlamoqda
Oktabr 23, 2023. 09:44 • 3 daq
• 1139
RIM, 23-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Diplomatik missiyasi yakunlanishi munosabati bilan O'zbekiston elchisi Otabek Akbarov Rim shahrida Italiya tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirining o'rinbosari Edmondo Chiriyelli bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Edmondo Chiriyelli diplomatik missiya rahbarining besh yillik faoliyatini ijobiy baholadi va Italiya TIV nomidan ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga ko'tarish, ularga ko'p qirrali va barqaror tus berish borasidagi sa'y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 8-9-iyun kunlari Italiyaga rasmiy tashrifi chog'ida ikki davlat o'rtasida Strategik sheriklik munosabatlarini yo'lga qo'yish to'g'risida qo'shma deklaratsiya qabul qilinganining ahamiyati ta'kidlandi.
Shu tariqa Italiya G'arbiy Yevropa davlatlaridan birinchi bo'lib O'zbekiston bilan bunday yuksak darajadagi aloqalarni o'rnatdi. Deklaratsiyaga ko'ra, tashqi ishlar vazirlari darajasida ikki tomonlama munosabatlarning siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar yo'nalishlarining butun majmuasini, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan xalqaro masalalarni qamrab oluvchi Strategik muloqot mexanizmi shakllantiriladi.
O'tgan yillar davomida tashqi ishlar vazirliklari va boshqa qator idoralar darajasida siyosiy hamda institutsional muloqotlar uchun mustahkam asos yaratildi. Ikki davlat parlamentlarida do'stlik guruhlari faoliyat ko'rsatmoqda, O'zbekistonning 2 ta faxriy konsulligi tashkil Florensiya va Milanda tashkil etilgan, Italiyaning boshqa mintaqalarida ham faxriy konsulliklarni ochish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, turli sohalardagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan 10 dan ortiq yangi hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolandi. Huquqni muhofaza qilish, sanoat mulki, qishloq xo'jaligi, madaniyat sohalaridagi bitimlar shular jumlasidandir.
Iqtisodiy sohadagi ikki tomonlama hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarildi. Bu 6-iyun kuni Rim shahridagi "Confindustria" Italiya sanoati assotsiatsiyasi qarorgohida bo'lib o'tgan yuqori darajadagi O'zbekiston-Italiya biznes-forumida o'z ifodasini topdi.
Italiyaning "Eni", "Enel", «Pietro Fiorentini», "Danieli", «Imagro Group», «Ansaldo Energia», "Ferroli", "Arsenale" kabi qator yirik kompaniya va korxonalari O'zbekistonda sanoat-innovatsion loyihalarni amalga oshirishga qiziqish ortib borayotganini bildirmoqda. Ayni paytda Italiya bilan amalga oshirilayotgan va ishlab chiqilayotgan loyihalar paketi 9 milliard yevrodan oshadi.
So'nggi yillarda O'zbekiston viloyatlari bilan Italiya hududlari o'rtasida, xususan, Lombardiya, Toskana, Veneto, Umbriya, Kampaniya, Marke, Abrusso va Emiliya-Romanya bilan to'g'ridan-to'g'ri aloqalar faollashdi.
O'zbekiston Prezidentining 9-iyun kuni Milanga (Lombardiya) tashrifi, uning doirasida gubernator Attilio Fontana bilan uchrashuvi, shuningdek, Italiyaning yetakchi kompaniyalari, agentliklari va banklari ishtirokida davra suhbati o'tkazilgani diqqatga sazovor voqea bo'ldi.
Madaniy jihatdan O'zbekiston Venetsiya biyennalesida ketma-ket uchinchi yil ishtirok etmoqda. Florensiyada Mirzo Ulug'bek nomidagi Italiyadagi birinchi O'zbek madaniyat markazi ochildi. Italiyada I.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog'iston davlat san'at muzeyi rasmlari ko'rgazmalari, shuningdek, O'zbekiston tarixi va madaniyatiga oid italyan tilida turkum kitoblar nashr etish rejalashtirilgan.
Toshkentda Turin politexnika universitetidan tashqari Piza universitetining filiali ochildi. Kampaniya universiteti Luidji Vanvitelli Buxoroda malaka oshirish kurslarini ochishni rejalashtirmoqda. Neapol Sharqshunoslik universiteti "L'Orientale" va Dante Aligyeri jamiyati bilan samarali aloqalar o'rnatildi.
Italiyadan O'zbekistonga sayyohlar oqimi barqaror oshib bormoqda, bu esa italiyaliklarni mamlakatimizga turistlar soni bo'yicha Yevropada yetakchi o'ringa olib chiqdi.
Eslatib o'tamiz, 2018-yil avgust oyida Italiyaga elchi etib tayinlangan Otabek Akbarov bir vaqtning o'zida O'zbekistonning Gretsiyadagi elchisi hamda respublikaning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO), Qishloq xo'jaligini rivojlantirish xalqaro jamg'armasi (IFAD) va Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) dagi doimiy vakili sifatida ham faoliyat yuritgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi