Logo

O'zbekistonning Shvetsiyadagi elchisi diplomatik missiyasini yakunladi

Iyul 08, 2024. 17:15 • 58 soniya

1064
O'zbekistonning Shvetsiyadagi elchisi diplomatik missiyasini yakunladi

STOKGOLM, 8-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi sifatidagi diplomatik missiyasini yakunlagan Nodir Ganiyev Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi Yan Knutsson tomonidan qabul qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi so'nggi yillarda ikki mamlakat o'rtasidagi hamkorlik ancha faollashgani, jumladan Stokgolmda O'zbekiston diplomatik vakolatxonasining ochilgani, shuningdek, parlament, sog'liqni saqlash, ekologiya, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va tahliliy doira vakillari o'rtasida o'zaro tashriflar ko'payganini yuqori baholadi.

Yan Knutsson ikki davlat o'rtasida siyosiy, parlamentlararo, iqtisodiy va madaniy-gumanitar yo'nalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qo'shgan hissasi uchun O'zbekiston elchisiga minnatdorlik bildirdi hamda kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Eslatib o'tamiz, Nodir G'aniyev 2022-yildan buyon O'zbekistonning yangi elchixonasini Muvaqqat ishlar vakili sifatida boshqarib kelayotgan edi. 2023-yil oktyabr oyida esa u Favqulodda va Muxtor Elchi etib tayinlandi. Shvetsiyaga jo'nab ketishidan oldin TIVning Yevropa davlatlari va Yevropa Ittifoqi institutlari bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig'i lavozimida faoliyat olib borgan. Shuningdek, 1994-yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritib, markaziy apparat va mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida turli lavozimlarda ishlagan.

O'tgan yili noyabr oyida Stokgolm shahrida Shvetsiya Qiroliga ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi bo'lib o'tgan edi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish