O'zbekiston Prezidentining maxsus vakili YUNISEF vakillari bilan uchrashdi
Oktabr 11, 2025. 16:26 • 44 soniya
• 357
TOSHKENT, 11-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Kecha O'zbekiston Prezidentining Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashevning Afg'onistondagi YUNISEF vakolatxonasi rahbari Tojiddin Oyvali hamda ushbu tashkilotning O'zbekistondagi rahbari Rexina Kastijio bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

TIV ma'lumotiga ko'ra, suhbat davomida tomonlar hamkorlikning asosiy yo'nalishlarini muhokama qilib, Afg'oniston xalqiga insonparvarlik va ijtimoiy yordam ko'rsatishda O'zbekistonning o'rni hamda ahamiyatini alohida ta'kidladilar.
Tojiddin Oyvali Termiz shahrida yaratilgan transport-logistika infratuzilmasining imkoniyatlarini yuqori baholab, Afg'oniston xalqiga gumanitar yuklarni shakllantirish maqsadida O'zbekiston, xususan "Termiz kargo markazi" bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
YUNISEF vakillari O'zbekiston rahbariyatiga tashkilot faoliyatiga ko'rsatilayotgan doimiy qo'llab-quvvatlash hamda qo'shni Afg'oniston xalqi haqidagi izchil g'amxo'rlik uchun minnatdorlik izhor etdilar.
Uchrashuvda, shuningdek, bugungi kunda O'zbekiston–Afg'oniston chegarasi BMTning insonparvarlik institutlari yuklarini yetkazib berish uchun ishonchli gumanitar yo'lak bo'lib xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.
"Dunyo" AA olgan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi