Logo

O'zbek xalqining milliy madaniyati, san'ati va an'analari Rossiyaning Oltoy o'lkasida namoyish etildi

Iyul 08, 2025. 11:28 • 2 daq

259
O'zbek xalqining milliy madaniyati, san'ati va an'analari Rossiyaning Oltoy o'lkasida namoyish etildi

ZMEINOGORSK, 8-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi xodimlari Rossiyaning Oltoy o'lkasi Zmeinogorsk shahrida o'tkazilgan to'rtinchi "Madaniyatlar chorrahasi" hududlararo milliy madaniy festivalida ishtirok etishdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur festival maydonida O'zbekistonning betakror an'analari, urf-odatlari va milliy san'ati taqdim etilgan maxsus pavilyon namoyish etildi.

Oltoy o'lkasi gubernatori o'rinbosari Yuriy Abdullayev O'zbekistonning mazkur festivalda ishtirok etishi nafaqat hududlararo aloqalar mustahkamlanib borayotganining dalili, balki jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo'shgan o'zbek xalqining boy va betakror madaniyatini namoyon etganini qayd etdi.

O'zbekiston bosh konsuli Aslam Akbarov o'z chiqishida, o'zbek xalqining ajoyib va o'ziga xos madaniyati, raqslari va, albatta, oshpazlik san'ati Oltoy o'lkasi jamoatchiligining e'tiborini tobora ko'proq jalb qilayotganini ta'kidladi.

Festival mehmonlari va ishtirokchilari mamlakatimiz tarixi, madaniyati va sayyohlik maskanlari haqidagi ma'lumotlar bilan tanishish, betakror o'zbek milliy raqslarini tomosha qilish, oshpazlarimiz tomonidan tayyorlangan mazali o'zbek taomlaridan bahramand bo'lish imkoniyatiga ega bo'ldilar.

Tomsk shahridagi "Yarada" raqs ansambli va iste'dodli xonanda, vatandoshimiz Nuriddin To'rayev tomonidan taqdim etilgan gala-konsert yig'ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish