Logo

O'zbekiston Prezidentining IV Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqi Germaniya OAV nigohida

Iyun 18, 2025. 14:00 • 3 daq

86
O'zbekiston Prezidentining IV Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqi Germaniya OAV nigohida

BERLIN, 18-iyun. /"Dunyo" AA/.  Germaniyaning "Berliner Telegraph" elektron jurnalining sahifasida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to'rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida (TXIF) so'zlagan nutqiga bag'ishlangan tahliliy maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada yozilganidek, 10-12-iyun kunlari O'zbekistonning iqtisodiy salohiyati namoyish etilgan forumda 8 mingdan ortiq kishi, jumladan, 97 xorijiy davlatdan 3 mingga yaqin xalqaro darajadagi mutaxassis va ekspertlar qatnashdi. "150 dan ziyod taniqli ma'ruzachilar ishtirokida 36 ta panel sessiyalar tashkil etildi, tadbir doirasidagi ko'rgazmada yuzlab mahalliy ishlab chiqaruvchilar to'qimachilik va turizmdan tortib metallurgiya va energetika, shuningdek, IT sohasidagi yutuqlarni taqdim etdi, umumiy qiymati qariyb 30,5 milliard AQSh dollarga teng sarmoyaviy va savdo shartnomalari imzolandi", – deb ta'kidlangan nashrda.

Qayd etilishicha, O'zbekiston Prezidenti forumning rasmiy ochilish marosimida so'zlagan nutqida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi xalqaro reytinglarda e'tirof etilayotganligini ta'kidladi. So'nggi besh yil ichida O'zbekiston "Iqtisodiy erkinlik indeksi"da 48 pog'onaga ko'tarilgan.

"Prezident Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, so'nggi sakkiz yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti ikki barobarga oshganini alohida urg'uladi. 2030-yilga borib bu ko'rsatkichni 200 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. O'tgan yili O'zbekistonga kiritilgan sarmoyalar hajmi 35 milliard dollarga, eksport hajmi esa 27 milliard dollarga yetgan. E'tiborlisi, O'zbekiston IT mahsulotlari eksporti 2025 yilda 1 milliard dollarga yaqinlashdi", – deya ma'lum qiladi "Berliner Telegraph".

Maqolada davlat rahbari o'z nutqida O'zbekistonning jadal iqtisodiy o'sishi maqsadli islohotlar va xalqaro investorlarni rag'batlantirishning natijasi ekanligi, ijobiy iqtisodiy ko'rsatkichlarga erishish bilan bir qatorda aholiga yangi ish o'rinlari yaratishga katta e'tibor berilayotganini ta'kidlagani urg'ulangan.  

 Nemis OAVga ko'ra, O'zbekiston bugungi kunda Markaziy Osiyoda zamonaviy megapolisga aylanishi bilan bir qatorda investorlar uchun jozibador investitsiya kiritish manziliga aylangan. Toshkentda turli sohalarda salmoqli moliyaviy aylanmaga ega ko'plab kompaniyalar faoliyat yuritadi. Markazlashishdan yiroqlashayotgan mamlakat hududlarida ham farovonlik sezilarli darajada oshgan.

"O'zbekiston yetakchisi mamlakatning asosiy yo'nalishlariga to'xtalib, qayta tiklanadigan energetika sohasida, asosan quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobidan 9,6 gigavatt yangi quvvatlar yaratilgani, elektr ishlab chiqarish 59 milliarddan 82 milliard kilovatt-soatga yetganini ma'lum qildi. O'zbekiston Prezidentining so'zlariga ko'ra, yaqin besh yil ichida bu ko'rsatkich 120 milliard kVt/soatdan oshadi, "yashil" energiya ulushi esa 54 foizni tashkil etadi", – deya urg'ulangan materialda.

Markaziy Osiyodagi ushbu davlatda tog'-kon sanoati yetakchi tarmoqlar hisoblanadi. Shu bois nemis kompaniyalari keng qamrovli islohotlar tufayli O'zbekistonda yuqori sarmoyaviy salohiyat mavjudligini ko'rmoqda, deb ta'kidlangan nashr.

Maqola germaniyalik sharhlovchi Gregor Shpitsenning "Forum O'zbekiston iqtisodiyotini taqdim etish va targ'ib qilish uchun markaziy platforma sifatida o'zini namoyon qildi. Mamlakat o'zining qulay geografik joylashuvidan foydalanishi barobarida mintaqada jozibador sarmoyaviy yo'nalish sifatida xorijiy investorlar uchun ochib berayotgan imkoniyatlarini e'tibordan chetda qoldirib bo'lmaydi",– degan so'zlari bilan yakunlangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish