Logo

"Busines media": O'zbekiston xalqaro sarmoyadorlar e'tiborini o'ziga tobora ko'proq jalb etmoqda

Iyun 18, 2025. 10:48 • 2 daq

53
"Busines media": O'zbekiston xalqaro sarmoyadorlar e'tiborini o'ziga tobora ko'proq jalb etmoqda

SINGAPUR, 17-iyun. /"Dunyo" AA/. Singapurning ommabop "Busines media" elektron nashrida "O'zbekiston xalqaro sarmoyadorlar uchun yangi istiqbolli yo'nalish sifatida namoyon bo'lmoqda" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqola muallifi Rayner Maykl Preyssning qayd etishicha, Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan O'zbekiston xalqaro sarmoyadorlar e'tiborini tobora ko'proq o'ziga jalb etmoqda.

"2016-yildan boshlab O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida keng qamrovli islohotlar boshlandi. Xususan, milliy valyuta – so'mni erkin ayirboshlashga o'tkazish, davlat korxonalarini bosqichma-bosqich xususiylashtirish, bank sohasini modernizatsiya qilish, kapital bozorini rivojlantirish, viza tartibini soddalashtirish va xorijiy sarmoyadorlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi",– deb yozadi muallif.

 Qayd etilishicha, bu o'zgarishlar xalqaro moliya institutlari tomonidan ijobiy baholanmoqda hamda mamlakatga kirib kelayotgan xorijiy investitsiyalar hajmining ortishiga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, nashrda hozirgi kunda "fintech", elektron savdo, qishloq xo'jaligi, infratuzilma, logistika va qayta tiklanuvchi energetika kabi sohalarga nisbatan xorijiy sarmoyadorlarning qiziqishi tobora ortib borayotgani ta'kidlangan. Davlat tomonidan berilayotgan soliq imtiyozlari, huquqiy kafolatlar va sarmoyalarni himoya qilish bo'yicha xalqaro shartnomalar, O'zbekistonning investitsiya muhitini yana-da jozibador qilmoqda.

"O'zbekiston Markaziy Osiyoning eng dinamik va islohotchi iqtisodiyoti sifatida xalqaro hamjamiyat diqqat markazida bo'lib turibdi. Yosh aholining ko'pligi, boshqaruv tizimining yaxshilanishi va global kapital bozorlariga ochilgan imkoniyatlar mamlakatning kelgusi istiqbolini yana-da kengaytirmoqda", – deb yozilgan maqola xulosasida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish