"Eurasia Magazine" jurnali: O'zbekiston TDT davlatlari o'rtasidagi o'zaro hamkorlikni faollashtirish va kengaytirishda muhim rol o'ynamoqda
May 15, 2025. 09:40 • 3 daq
• 59
BUDAPESHT, 15-may. /"Dunyo" AA/. Vengriyaning "Eurasia Magazine" jurnalida "Vengriyadagi TDT sammiti: mintaqaviy integratsiya va global tendensiyalar kontekstida yangi imkoniyatlar va istiqbollar" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) navbatdagi norasmiy sammiti joriy yilda Vengriyada bo'lib o'tishi ta'kidlangan. Ushbu tadbir nafaqat tashkilotga a'zo davlatlar, balki tuzilmaning jahon miqyosidagi ta'siri kuchayib borayotganini hisobga olib, xalqaro hamjamiyat e'tiborini tortmoqda.
Qayd etilishicha, TDTga a'zo davlatlar tashkilot doirasidagi hamkorlik formatini ko'p tomonlama munosabatlarni rivojlantirishning strategik yo'nalishlaridan biri deb hisoblaydi. So'nggi yillarda TDT ishtirokchilari o'rtasidagi muloqot rivojlanish uchun jadal sur'at oldi, buni institutsional mustahkamlash, hamkorlik yo'nalishlarini kengaytirish va iqtisodiy ko'rsatkichlarning o'sishi isbotlaydi.
"Bugungi kunga qadar TDT doirasida 35 ta asosiy yo'nalishda – savdo-iqtisodiy va transport-tranzit aloqalaridan tortib kosmik tadqiqotlargacha bo'lgan hamkorlik yo'lga qo'yilgan", – deyilgan maqolada.
Vengriya bosma nashri yozganidek, yuqori iqtisodiy salohiyatga ega mamlakatlarni birlashtirgan mazkur tuzilma iqtisodiy integratsiya va diversifikatsiyani kuchaytirish imkoniyatini beradi.
Turkiy davlatlar tashqi savdoni rivojlantirish va sarmoyalarni jalb qilish uchun TDT platformasidan foydalanish, o'zaro savdoni kengaytirishdan manfaatdor.
Ma'lum qilinganidek, TDT mamlakatlari o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2022-yildagi 30,9 milliard dollardan 2024-yilda 45 milliard dollarga yetdi. Oxirgi to'rt yilda tashkilotga a'zo davlatlarning umumiy yalpi ichki mahsuloti 20 foizga, to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar hajmi esa 22 foizga oshdi.
TDT mamlakatlari turli transport yo'nalishlarining strategik muhim chorrahalarida joylashgan bo'lib, bu ularni mintaqalararo transport va logistika tarmoqlarining markaziy ishtirokchilariga aylantiradi.
Nashrda O'zbekiston TDTning to'laqonli a'zosiga aylangani bilan turkiy davlatlar o'rtasidagi o'zaro hamkorlikni faollashtirish va kengaytirishda muhim rol o'ynayotgani qayd etilgan. So'nggi yillarda O'zbekiston TDTning barcha a'zolari bilan, xususan Turkmaniston va Vengriya bilan strategik munosabatlar, Turkiya va Qirg'iziston bilan har tomonlama strategik sheriklik, shuningdek, Qozog'iston va Ozarbayjon bilan ittifoqchilik munosabatlari darajasiga ko'tardi.
Shubhasiz, mazkur tuzilmaning o'zgarishi va kun tartibining boyitilishi ko'p jihatdan O'zbekistonning turkiy davlatlar bilan har tomonlama aloqalarni mustahkamlash borasidagi faol pozitsiyasi va Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashkilot doirasidagi amaliy tashabbuslari tufayli bo'ldi. Xususan, Toshkent tomonidan Tashkilot doirasidagi ko'p tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qaratilgan 80 ga yaqin aniq takliflar ilgari surildi.
"2022-yil 11 noyabr kuni Samarqandda bo'lib o'tgan TDT sammiti tashkilot doirasidagi ko'p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Samarqand sammitining muhim voqeasi turkiy mamlakatlarning "Turkiy dunyo nigohi – 2040" konsepsiyasini amalga oshirish bo'yicha birinchi "yo'l xaritasi" bo'lgan "2022-2026 yillarga mo'ljallangan TDT strategiyasi"ning qabul qilinishi bo'ldi. Bundan tashqari, O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan turkiy xalqlarning birligi va jipsligi, buyuk o'tmishi, boy madaniyati va asl qadriyatlarini o'zida aks ettiruvchi Turkiy dunyo xartiyasi ishlab chiqildi va qabul qilindi", – deyilgan manbada.
O'zbekiston Prezidentining TDT doirasida ko'p tomonlama aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari umumiy muammolarni hal etish va turkiy dunyo imkoniyatlaridan foydalanishga uzoqni ko'zlab yondashishni ko'rsatadi.
Maqolada TDTda kuzatuvchi maqomiga ega bo'lgan Vengriya mazkur tuzilma faoliyatida faol ishtirok etishda davom etayotgani, bu esa turli istiqbolli sohalarda turkiy davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlash imkonini berishi urg'ulangan.
"Eurasia Magazine" jurnalida bosilgan maqolada, shuningdek, O'zbekiston va Vengriya munosabatlariga ham alohida e'tibor qaratilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston delegatsiyasi ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi
"Europa Press": Ispaniya va O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida memorandum imzoladi
O'zbek milliy qadriyatlari "Charity Bazaar" xayriya festivalida e'tirof etildi