Logo

"Hello Magyar": O'zbekiston va Ozarbayjon Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazdagi yuqori iqtisodiy salohiyatga ega davlatlar

Iyul 06, 2025. 12:57 • 2 daq

45
"Hello Magyar": O'zbekiston va Ozarbayjon Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazdagi yuqori iqtisodiy salohiyatga ega davlatlar

BUDAPESHT, 6-iyul. /"Dunyo" AA/. Vengriyaning ommabop "Hello Magyar" onlayn nashrida "O'zbekiston – Ozarbayjon: istiqbolli strategik sheriklik va ittifoq" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada 2-4-iyul kunlari O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga buyurgan davlat tashrifi va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) sammitidagi ishtiroki tahlil qilingan.

"Ikki davlat o'rtasida diplomatik munosabatlar 1995-yil 2-oktyabrda o'rnatilgan. O'shandan buyon ikki tomonlama muloqot o'zaro hurmat va ishonch ruhida izchil rivojlanib kelmoqda. 2022-yilda Strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni mustahkamlash to'g'risidagi deklaratsiya hamda 2024-yilda Ittifoqchilik munosabatlari to'g'risidagi shartnoma kabi tarixiy hujjatlarning imzolanishi ikki tomonlama aloqalarda mutlaqo yangi davrni boshlab berdi", – deb yozgan muallif.

Nashrda qayd etilganidek, ikki davlat o'rtasidagi siyosiy hamkorlik ochiq va konstruktiv muloqot tamoyillariga asoslanadi. Tashqi ishlar vazirliklari o'rtasidagi muntazam maslahatlashuvlar, BMT, Qo'shilmaslik harakati, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, IHT va boshqa mintaqaviy hamda xalqaro platformalar doirasidagi faol o'zaro hamkorlik O'zbekiston va Ozarbayjonning ko'plab dolzarb mintaqaviy va global rivojlanish masalalariga nisbatan yagona pozitsiyasini mustahkamlamoqda.

"Kun tartibidagi alohida e'tibor Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasidagi aloqalarga qaratilyapti. O'zbekiston 1992-yil 28-noyabrda IHTga a'zo bo'lgan va o'shandan buyon boshqa a'zo davlatlar bilan samarali hamkorlikni olib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston IHTning faol a'zosi sifatida logistika koridorlari va savdo-investitsiya platformalarini rivojlantirish, shuningdek, mintaqaning barqaror taraqqiyotini rag'batlantirish bo'yicha bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surganligini ta'kidlash muhimdir" – deya ta'kidlangan maqolada.

Bundan tashqari, materialda O'zbekiston va Ozarbayjon Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazda sezilarli iqtisodiy salohiyatga ega davlatlar ekanligi va bu ularni savdo-iqtisodiy hamda investitsiya hamkorligini chuqurlashtirishga intilayotgan istiqbolli iqtisodiy sheriklarga aylantirishi alohida urg'ulangan.

"Bu yo'ldagi muhim qadam 2020-yilda O'zbekiston-Ozarbayjon ishbilarmonlar kengashining tashkil etilishi bo'ldi. Ushbu platforma o'zaro manfaatli yangi investitsiya va savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga ko'maklashadi. Hozirgi vaqtda O'zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 250 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda", – deya qayd etilgan "Hello Magyar" maqolasida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish