Logo

"Rahbar International" gazetasi: O'zbekiston tarixda ilk marta BMT Statistika komissiyasiga saylandi

May 08, 2025. 11:47 • 52 soniya

62
"Rahbar International" gazetasi: O'zbekiston tarixda ilk marta BMT Statistika komissiyasiga saylandi

DOHA, 8-may. /"Dunyo" AA/. Qatarning "Rahbar International" gazetasida "O'zbekiston tarixda ilk marta BMT Statistika komissiyasiga bir ovozdan saylandi" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda ta'kidlanganidek, Nyu-York shahrida bo'lib o'tgan BMT Statistika komissiyasining 2026-2029-yillarga a'zo davlatlarini saylash jarayonida tarixida ilk marta O'zbekiston ushbu organ a'zosi etib bir ovozdan saylandi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Statistika komissiyasi 1947-yilda BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi tomonidan funksional organ sifatida tashkil etilgan. Komissiya xalqaro statistika sohasining rivojlanishini belgilovchi asosiy hukumatlararo tashkilot sifatida universal statistika standartlari va metodologik prinsiplarga oid ishlarni muvofiqlashtiradi.

"Bu O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning xalqaro miqyosda tan olinganini va mamlakatning global jarayonlarda o'sib borayotgan rolini tasdiqlaydi", – deb yozilgan materialda.

Qayd etilishicha, Statistika komissiyasiga to'liq a'zo bo'lish O'zbekiston uchun global statistik siyosatni shakllantirishda ishtirok etish, milliy tajriba va islohotlar yutuqlarini namoyish etish, ilg'or xorijiy tajribalarni o'rganish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun keng imkoniyatlarni ochib beradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish