Logo

"Sahm News" nashri: Qashqadaryoning tog'li hududlarida zamonaviy turistik infratuzilmani yaratish bo'yicha keng ko'lamli loyihalar amalga oshirilmoqda

Iyun 25, 2025. 20:04 • 2 daq

36
"Sahm News" nashri: Qashqadaryoning tog'li hududlarida zamonaviy turistik infratuzilmani yaratish bo'yicha keng ko'lamli loyihalar amalga oshirilmoqda

AR-RIYOZ, 25-iyun. /"Dunyo" AA/. Saudiya Arabistoning ommabop "Sahm News" nashrida "O'zbekiston Prezidenti Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar bilan tanishdi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda qayd etilishicha, turizm — bu nisbatan kam sarmoya kiritib, ko'plab ish o'rinlari yaratadigan, aholi daromadlarini oshirishga yordam beradigan va hududlarning qiyofasini o'zgartiradigan sohadir. Qashqadaryo viloyati esa bu sohani rivojlantirish uchun keng imkoniyatlarga ega.

"O'zbekiston Prezidentning 2023-yil 28-noyabrdagi qaroriga muvofiq, Qashqadaryoning tog'li hududlarida zamonaviy turistik infratuzilmani yaratish bo'yicha keng ko'lamli loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, yetakchi xorijiy mutaxassislar va kompaniyalar jalb qilingan holda Miraki, Amir Temur, Uloch va Polmon mahallalarida sayyohlarni qabul qilish uchun zamonaviy obyektlar qurilmoqda. Umumiy maydoni 240 gektar bo'lgan hududda 400 million dollar miqdoridagi 117 ta loyiha amalga oshirilyapti. Natijada 1 700 ta doimiy ish o'rni yaratilishi kutilmoqda",– deb yoziladi maqolada.

"Sahm News" nashrida e'lon qilingan maqola ma'lum qilinishicha, "Miraki Spa and Resort" kurort zonasida ikkita 600 o'rinli mehmonxona, 300 kishilik oilaviy hostel va savdo-ko'ngilochar majmuasi allaqachon faoliyat yuritmoqda. Bu esa yiliga 300 mingdan ortiq sayyohga xizmat ko'rsatish imkoniyatini yaratadi, deb ta'kidlangan.

Maqola "Bunday sharoitlar tufayli Qashqadaryoga sayyohlar oqimi sezilarli darajada oshmoqda. O'tgan yili viloyat 2,5 milliondan ortiq sayyohni qabul qilgan bo'lib, ularning deyarli yarim millioni aynan Shahrisabz tumaniga tashrif buyurgan. Amalga oshirilayotgan o'zgarishlarni hisobga olgan holda, yaqin fursatda bu ko'rsatkich bir necha barobar o'sishi prognoz qilinmoqda", – degan so'zlar bilan yakunlangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish