Logo

"Janubiy Qozog'iston" gazetasi: TMK vakillari Qozog'istonda o'tgan ko'rgazmada 50 dan ziyod xalqaro kompaniyalar bilan muzokara olib bordi va muhim kelishuvlarga erishildi

Oktabr 04, 2025. 12:10 • 2 daq

47
"Janubiy Qozog'iston" gazetasi: TMK vakillari Qozog'istonda o'tgan ko'rgazmada 50 dan ziyod xalqaro kompaniyalar bilan muzokara olib bordi va muhim kelishuvlarga erishildi

OLMAOTA, 4-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Qozog'istonning "Janubiy Qozog'iston" gazetasida "Qozog'iston va O'zbekiston hamkorligi: yangi sanoat bosqichi sari" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqola muqaddimasi yozilganidek, dunyo sanoati tez sur'atlarda o'zgarmoqda. "Yashil" iqtisodiyot va raqamli transformatsiya davrida strategik minerallarga talab tobora ortmoqda. Elektr transport vositalari, qayta tiklanuvchi energiya, kosmik va mudofaa sanoati, yuqori texnologiyali elektron qurilmalarni texnologik metallarsiz tasavvur qilib bo'lmaydi.

"O'zbekiston foydali qazilmalarga boy davlat sifatida jahon hamjamiyati e'tiborida. Mamlakat yerosti boyliklari 3 trillion dollarga teng salohiyatga ega bo'lib, unda Mendeleyev jadvalining qariyb 90 foizi mujassam," – deyilgan maqolada. – Milliy boyliklarni samarali ishlatish va kelajak avlod manfaatlariga yo'naltirish maqsadida 2024-yilda O'zbekiston Texnologiyaviy metallar qobiliyati (TMK) tashkil etildi.

Ma'lum qilinganidek, TMK – oddiy kon qazish kompaniyasi emas. U butun sanoat zanjirini o'z ichiga olib, "konmetall-bozor" tamoyili asosida ish olib boradi. Qidiruvdan tortib qazib olish, qayta ishlash, ilmiy tadqiqot va tayyor mahsulotgacha bo'lgan bosqichlar TMK ekotizimida mujassam. Bugun TMK 25dan ziyod strategik xomashyo turi, 70dan ziyod loyiha ustida ish olib bormoqda.

"Joriy yilning 17-18-sentyabr kunlari Olmaota shahrida "Mining & Metals Central Asia 2025 ko'rgazmasi ushbu yo'nalishdagi muhim tadbirlardan biri bo'ldi. Nufuzli ko'rgazmada TMK ham ishtirok etdi. Xususan, ko'rgazma doirasida TMK vakillari 50dan ziyod xalqaro kompaniyalar, sarmoyadorlar va sanoat mutaxassislari bilan faol muzokaralar olib bordi. TMK qator muhim kelishuvlarga erishdi. Jumladan, Xitoyning "Sunward" kompaniyasi bilan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, Avstraliyaning "Mineral Technologies" va "Glencore" kompaniyasi bilan "Kelajak metallari texnoparki"ni yaratish bo'yicha memorandumlar imzolandi",– deya urg'ulangan nashrda.

"Mining & Metals Central Asia 2025" ko'rgazmasi doirasida O'zbekiston Texnologiyaviy metallar kombinati va Qozog'istonning yetakchi konchilik kompaniyalari o'rtasida ham qator uchrashuvlar o'tdi.

"Mazkur muloqotlarda ikki mamlakat mutaxassislari sarmoyaviy loyihalar, ilg'or texnologiyalarni joriy etish, qo'shma tadqiqot va qayta ishlash quvvatlarini yaratish kabi masalalarni muhokama qildi. Ayniqsa, "yashil iqtisodiyot" va qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun zarur bo'lgan strategik minerallarni birgalikda o'zlashtirish va qayta ishlash masalalari alohida ahamiyatga ega bo'ldi. O'zbekiston va Qozog'istonning tog'-konchilik va metallurgiya sohasidagi hamkorligi butun Markaziy Osiyo miqyosida sanoat taraqqiyoti va sarmoyaviy jozibadorlikni oshirishga xizmat qiladi", – deb yozgan "Janubiy Qozog'iston" gazetasi maqolasida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish