Logo

"London Post": Rasmiy Toshkent va Pekin o'rtasidagi ittifoq yangi Yevroosiyoning asosiy tayanchlaridan biriga aylandi

Avgust 30, 2025. 10:57 • 2 daq

65
"London Post": Rasmiy Toshkent va Pekin o'rtasidagi ittifoq yangi Yevroosiyoning asosiy tayanchlaridan biriga aylandi

LONDON, 30-avgust. /"Dunyo" AA/. Britaniyaning "London Post" yangiliklar portalida "O'zbekiston va Xitoy: global o'zgarishlar davrida strategik sheriklik" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqola muqaddimasida O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi o'zaro hamkorlik keyingi yillarda har tomonlama strategik sheriklik maqomiga ega bo'lgani ta'kidlangan.


"Oliy darajadagi muntazam aloqalarning rolini qayd etmaslik mumkin emas, – deb yozadi muallif. – 2024-yil yanvar oyida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Pekinda bo'lib, Xitoy Raisi Si Szinpin bilan uchrashgan edi. Tashrif davomida energetika, sanoat, gumanitar aloqalarni rivojlantirishga doir 40 dan ortiq hujjat imzolandi. 2025-yil yozida ikki davlat rahbarlari Ostona shahrida yana muzokaralar o'tkazdi va o'zaro ishonchning misli ko'rilmagan darajasini ta'kidladi".


Nashrda qayd etilganidek, ushbu tashriflar tizimli muloqotga asos soldi. Tashqi ishlar vazirlarining strategik maslahatlashuvlari formati ishga tushirildi, mintaqalararo almashinuvlar sezilarli darajada faollashdi. Shu tariqa, 2025-yil iyun oyida Samarqand shahrida ikkinchi O'zbekiston-Xitoy mintaqalararo forumi bo'lib o'tdi va bu ikki davlat o'rtasidagi hamkorlik nafaqat poytaxtlar bilan cheklanib qolmasligi, balki mintaqalarga ham chuqur kirib borishini ko'rsatdi.


Britaniya elektron nashri yozganidek, Xitoy bir necha yillardan beri O'zbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy hamkori unvonini saqlab kelmoqda. 2023-yilda o'zaro tovar ayirboshlash hajmi 13 milliard dollardan oshgan bo'lsa, 2024-yilda bu ko'rsatkich 14 milliard dollarga yetdi. Kelgusi yillar uchun maqsad 20 milliard dollar va o'sish sur'atlarini hisobga olsak, bu natijaga erish mumkin.


Mamlakatda Xitoy sarmoyasi ishtirokidagi 4 mingga yaqin korxona mavjud bo'lib, ularning 800 dan ortig'i o'tgan yil davomida tashkil etilgan.


Bunday dinamikani O'zbekiston investitsiya siyosatidagi islohotlar ta'minlamoqda. Keyingi yillarda soliq imtiyozlari va zamonaviy infratuzilmani taqdim etuvchi 89 ta erkin iqtisodiy zona va 700 ga yaqin turli formatdagi sanoat maydonchalari tashkil etildi. Bu investorlar oldidagi to'siqlarni kamaytiradi va yangi ishlab chiqarishlarni ishga tushirishni tezlashtiradi.


"Bugun biz ishonch bilan aytishimiz mumkinki, Toshkent va Pekin o'rtasidagi ittifoq yangi Yevroosiyoning asosiy tayanchlaridan biriga aylandi. Bu hamkorlik bugungi kunning pragmatikasi bilan cheklanib qolmaydi – u global koordinatalar tizimida Markaziy Osiyoning kelajagini belgilovchi strategik vektorni tashkil etadi", – deya urg'ulangan maqolada.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish