Afg'oniston OAV: O'zbekiston Prezidenti Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitidagi nutqida Afg'oniston IHT makonining ajralmas qismi ekanini alohida ta'kidladi
Iyul 06, 2025. 12:08 • 2 daq
• 51
KOBUL, 6-iyul. /"Dunyo" AA/. Afg'onistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonda bo'lib o'tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) 17-sammitidagi nutqini va mazkur anjuman doirasida o'tkazgan uchrashuvlarini keng yoritmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Xususan, qo'shni mamlakatda ommabop bo'lgan "Tolo news" axborot agentligi telekanali davlatimiz rahbarining mazkur sammitdagi ishtirokiga bag'ishlangan maxsus dasturni namoyish qildi. Unda O'zbekiston Prezidenti Ozarbayjonda bo'lib o'tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitidagi nutqida Afg'onistonni IHT makonining ajralmas qismi ekanini alohida urg'ulagani ta'kidlangan.
"Anjumanimizda uzoq tanaffusdan so'ng Afg'oniston muvaqqat hukumati delegatsiyasi ishtirok etayotganidan xursandmiz. Biz qo'shni Afg'onistonni tashkilotimizning ajralmas bir qismi, keng ko'lamli iqtisodiy hamkorlik va transport sohasidagi o'zaro bog'liqlik jarayonlarining muhim bug'ini sifatida ko'ramiz va har tomonlama qo'llab-quvvatlaymiz", – deya mamlakatimiz yetakchisi so'zlaridan iqtibos keltirilgan teledasturda.
"Afg'oniston Islom Amirligi rasmiy ovozi" axborot agentligi esa O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-iyul kuni Ozarbayjonning Xonkendi shahrida bo'lib o'tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 17-sammiti doirasida Afg'oniston Bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo'yicha o'rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G'ani Barodar Oxund bilan uchrashuv o'tkazgani haqida yozdi.
"Muloqot chog'ida tomonlar ikki davlat o'rtasidagi savdo-iqtisodiy, transport-logistika, energetika sohalaridagi o'zaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengaytirishning dolzarb jihatlarini muhokama qildi. Shuningdek, O'zbekiston va Afg'oniston o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi va qo'shma korxonalar soni barqaror ortib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi", – deyilgan maqolada.
Qayd etilganidek, O'zbekiston Prezidenti chegaraoldi savdo va tegishli infratuzilmani yana-da rivojlantirish, geologiya, to'qimachilik va farmatsevtika sohalarida, qurilish materiallarini ishlab chiqish, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa yo'nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish muhimligini ta'kidladi.
Shuningdek, tomonlar Transafg'on temir yo'lini qurish loyihasini jadallashtirishga e'tibor qaratdilar.
"Shu bilan birga joriy yil may oyida Kobul va Mozori Sharif shaharlarida O'zbekiston savdo uylari ochilgani, iyun oyida esa Imtiyozli savdo to'g'risidagi bitim imzolangani olqishlandi", – deya urg'ulagan Afg'oniston OAV.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston delegatsiyasi ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi
"Europa Press": Ispaniya va O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida memorandum imzoladi
O'zbek milliy qadriyatlari "Charity Bazaar" xayriya festivalida e'tirof etildi