Qirg'iziston OAV: "Termiz maydoni" tashabbusi – mintaqaviy barqarorlik, iqtisodiy o'sish va insonparvarlik tamoyillariga asoslangan zamonaviy va innovatsion yondashuv
May 16, 2025. 10:26 • 3 daq
• 110
BISHKEK, 16-may. /"Dunyo" AA/. Qirg'izistonning "Alliance-press.kg" axborot-tahlil agentligi portalida "Termiz platformasi – Markaziy va Janubiy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash bo'yicha muloqot maydoni" sarlavhali tahliliy maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda mamlakatimizning mazkur strategik hudud orqali ilgari surilayotgan mintaqaviy bog'liqlik va barqarorlik tashabbuslariga xolis baho berilgan. Jumladan, Termiz shahrining tarixiy, geosiyosiy va logistika jihatdan noyob mavqei, uning Afg'oniston orqali Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarni mustahkamlashdagi roli, shuningdek, mintaqada xavfsizlikni ta'minlashdagi muhim funksiyalari qayd etilgan.
"O'zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan mintaqaviy hamkorlik strategiyasi, jumladan, 2021-yilda Toshkentda o'tkazilgan "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o'zaro bog'liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar" xalqaro konferensiyasi va uning asosida BMTda qabul qilingan maxsus rezolyutsiya – mintaqa davlatlari o'rtasidagi siyosiy ishonchni mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam bo'ldi, – deb yozgan muallif. – Termiz shahri bu jarayonda alohida ahamiyatga ega strategik hudud sifatida ko'rsatilmoqda. Bugungi kunda Termiz nafaqat transport va savdo aloqalari markazi, balki gumanitar va ta'lim sohalarida ham faol rivojlanish markaziga aylanmoqda".
Materialda ayni paytda amalga oshirilayotgan "Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar" temir yo'li va "Surxon – Puli-Xumri" elektr uzatish loyihalari butun mintaqadagi iqtisodiy integratsiya uchun asosiy poydevorlardan biri sifatida baholangan.
Shuningdek, maqolada Termiz shahrida tashkil etilgan Afg'oniston fuqarolari uchun ta'lim markazi ham alohida qayd etilgan. Bu ta'lim muassasasi orqali O'zbekiston tomoni qo'shni mamlakat yoshlari uchun ta'lim olish, kasb-hunar o'rganish va kelajakda mamlakatning tiklanishida ishtirok etish imkoniyatini yaratib bermoqda. Mazkur tashabbus mintaqa tinchligi va barqarorligiga qaratilgan ulkan insonparvarlik qadamidir.
"Termiz shahrida 2024-yil avgust oyida ochilgan "Termiz" xalqaro savdo markazi ham mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda. Bu markaz 3 mingdan ortiq savdo nuqtalarini qamrab oladi, tashrif buyuruvchilar uchun vizasiz rejim yaratilyapti, qo'shni Afg'oniston bilan savdo va aloqalarni yana-da faollashtirmoqda. Markaz, shuningdek, O'zbekistonning savdo salohiyatini oshirish, balki butun mintaqani iqtisodiy rivojlantirishga xizmat qiladi", – deya ta'kidlangan materialda.
Qirg'iziston OAV Termizning mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlashdagi tarixi va bugungi faoliyati, jumladan, terrorizm, narkotrafik va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashdagi o'rni haqida ham yozgan. Bu yo'nalishdagi qo'shma tashabbuslar, jumladan, "Do'stlik ko'prigi" orqali olib borilayotgan nazorat tadbirlari xalqaro hamkorlikning samarali mexanizmidir.
Qayd etilishicha, O'zbekiston tomonidan Termiz shahri negizida amalga oshirilayotgan ushbu ko'p qirrali va uzoqni ko'zlagan tashabbuslar Markaziy va Janubiy Osiyoni yaqinlashtirish, umumiy manfaatlarga xizmat qiladigan muloqot, hamkorlik va tinchlik muhitini shakllantirishda katta ahamiyatga ega.
"Alliance-press.kg" axborot-tahlil agentligi portalida joylashtirilgan maqolada, shuningdek, "Termiz maydoni" tashabbusi mintaqaviy barqarorlik, iqtisodiy o'sish va insonparvarlik tamoyillariga asoslangan zamonaviy va innovatsion yondashuv sifatida yuqori baholanib, u Markaziy va Janubiy Osiyoning yangi rivojlanish bosqichiga ko'tarilishini rag'batlantirishi urg'ulangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston delegatsiyasi ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi
"Europa Press": Ispaniya va O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida memorandum imzoladi
O'zbek milliy qadriyatlari "Charity Bazaar" xayriya festivalida e'tirof etildi