Logo

Germaniya OAV: O'zbekistonlik bolalar Lionel Messi, Krishtianu Ronaldu yoki Kilian Mbappeni emas, balki Shomurodov va Husanovni tanlamoqda

Iyul 02, 2025. 15:21 • 3 daq

335
Germaniya OAV: O'zbekistonlik bolalar Lionel Messi, Krishtianu Ronaldu yoki Kilian Mbappeni emas, balki Shomurodov va Husanovni tanlamoqda

BERLIN, 2-iyul /"Dunyo" AA/. Germaniyaning nufuzli "Transfermarket" onlayn-platformasida futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi yordamchisi Alesh Chex va O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O'FA) texnik direktori Gi Kiala bilan intervyu e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Suhbatda O'zbekistonning 2026-yilda bo'lib o'tadigan futbol bo'yicha Jahon chempionatida ishtirok etishi va yaqin kelajakdagi rejalar haqida so'z yuritilgan.

"Jahon chempionatiga chiqqan kunimizdagi quvonchni so'z bilan ifodalash qiyin, – deydi Alesh Chex. – Biz 2023-va 2024-yillarda saralash o'yinlarida mag'lubiyat alamini totib ko'rgan edik. Ammo bu safar Jahon chempionatida o'z o'rinimizni munosib egalladik. Biz 20-25 nafar futbolchi bilan ishlaymiz. Ularni yagona jamoaga aylantirish, avvalo, sabr-toqat, ishonch va halollikni talab qiladi. Dastlab biz ularga jamoaviy himoya va jamoaviy hujumda o'ynashning nima uchun muhimligini tushuntirishga vaqt ajratdik. Biz tinimsiz ishladik va endi yakuniy natijani ko'ryapsiz".

Murabbiy yordamchisi, shuningdek, barcha saralash o'yinlari davomida hech qachon jamoa kuchiga shubha qilmaganini va maqsadiga erishishga doimo ishonganini bildirgan. "Yil boshida bosh murabbiy Srechko Katanesning kasalligi tufayli iste'foga chiqishi jamoani yana-da birlashtirdi. Uning ketishi barchamiz uchun qayg'uli bo'ldi, ammo biz uning orzusini ro'yobga chiqarishni yana-da ko'proq istadik. Kelgusi yilda biz okean ortiga boramiz. Bu avvalo Srechko tufayli, u O'zbekiston futboli uchun katta ish qildi", – degan Sloveniyalik mutaxassis. 

O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi yordamchisi ta'kidiga ko'ra, Eldor Shomurodov va Abduqodir Husanov kabi o'zbek futbolchilarining yetakchi Yevropaning mashhur klublarda o'ynayotganligi O'zbekiston jahon arenasiga chiqqanligidan dalolat beradi. "Bugun o'zbekistonlik yoshlar Messi, Ronaldu yoki Mbappening emas, Shomurodov va Husanovning futbolkalarini kiymoqda. Ularning ikkalasi ham juda kamtarin yigitlar. Yosh avlod ular timsolida o'zbek futboli faqatgina qattiq mehnat va intizom tufayli Yevropadan ustun kelishi mumkinligini ko'rishi kerak", – deya ta'kidlangan Alesh Chex.

Murabbiy yordamchisi intervyu oxirida "Har bir futbolchi uchun jahon chempionatining final bosqichida o'ynash imkoniyati uning faoliyatidagi eng yorqin voqeadir. Biz Shimoliy Amerikaga shunchaki emas, balki katta maqsad bilan boryapmiz. Biz jamoamizning dastlabki bosqichdan o'tishini, hatto Germaniya kabi jamoalarni va Argentina yoki Braziliya kabi potensial raqiblarni mag'lub etishni va O'zbekiston turnirda munosib ishtirok etishini istaymiz", – deya fikr bildirgan.

O'FA texnik direktori Gi Kialani nemis muxbiri bilan suhbatda so'nggi yillarda O'zbekistonda futbolni rivojlantirish bo'yicha yirik loyihalar amalga oshirilayotgani va hukumat infratuzilmani yaxshilashga katta miqdorda sarmoya kiritayotganini alohida ta'kidlagan. Uning aytishicha, ushbu amalga oshirilayotgan ishlar allaqachon o'z mevasini bera boshlagan.

"So'nggi yillarda biz yoshlarni rivojlantirish bo'yicha katta ishlarni boshladik. Mamlakat hukumati futbol infratuzilmasiga katta sarmoya kiritgan. Ayni paytda xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik ko'rish uchun jahon andozalari darajasidagi maydonlar va bolalar uchun zamonaviy futbol akademiyalari qad rostlagan. Bu chora-tadbirlar o'z samarasini berayotgani o'tgan yili milliy terma jamoamiz futbol bo'yicha Olimpiya o'yinlarida ilk bor ishtirok etganida yaqqol namoyon bo'ldi. Joriy yil U-17 Osiyo kubogini qo'lga kiritgani esa so'zimning yana bir karra isbotidir.", – deya qayd etadi Gi Kiala.

 Intervyuda ilgari O'zbekistonda dzyudo va boks eng mashhur sport turlari bo'lgani, ammo futboldagi muvaffaqiyatlar bu teoremani butunlay o'zgartirayotgani alohida urg'ulangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish