Logo

Xitoy OAV: O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasidagi zamonaviy munosabatlar tarixiy asosga va har tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishga bo'lgan o'zaro siyosiy irodaga tayanadi

Iyul 03, 2025. 10:22 • 2 daq

58
Xitoy OAV: O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasidagi zamonaviy munosabatlar tarixiy asosga va har tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishga bo'lgan o'zaro siyosiy irodaga tayanadi

PEKIN, 3-iyul. /"Dunyo" AA/. Xitoyning nufuzli "Kitay" jurnalida "O'zbekiston va Ozarbayjon: barqaror do'stlik va ishonchli sheriklik" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasidagi zamonaviy munosabatlar mustahkam tarixiy asosga, ma'naviy yaqinlik va har tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishga bo'lgan o'zaro siyosiy irodaga tayanishi ta'kidlangan.

"Bugungi kunda O'zbekiston va Ozarbayjon iqtisodiy sheriklikni izchil rivojlantirishda davom etmoqda, bu esa barqaror va doimiy o'sish dinamikasini ko'rsatyapti. Xususan, so'nggi 8 yilda savdo hajmi 8 barobar, ya'ni 32 million dollardan 253 million dollarga oshdi. Endilikda bu raqamni 1 milliard dollarga yetkazish rejasi qo'yilgan. Ushbu maqsadga erishish uchun savdo hajmini kengaytirish, o'zaro investitsiyalarni ko'paytirish va sanoat kooperatsiyasi loyihalarini rivojlantirish bo'yicha tizimli sa'y-harakatlar amalga oshirilyapti",– deb yoziladi maqolada.

Ma'lum qilinishicha, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o'rtasida yaqin iqtisodiy aloqalarni o'rnatishga qiziqish tobora ortib bormoqda. So'nggi yillarda qo'shma korxonalar soni 5 barobar oshdi. Hozirgi kunda O'zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 240 dan ortiq kompaniya faoliyat yurityapti. Ozarbayjonda esa O'zbekiston kompaniyalari soni 70 taga yetdi.

Shuningdek, materialda O'zbekistonning transport o'zaro bog'liqligini mustahkamlash bo'yicha tashabbuslari, jumladan, O'zbekiston–Qirg'iziston–Xitoy temir yo'lini qurish taklifi Ozarbayjonni Xitoy va Janubiy Osiyo mintaqasi bilan bog'lashi mumkinligi qayd etilgan.

"Har ikki mamlakat ham o'zaro munosabatlarni izchil va jadal rivojlanishiga ko'maklashish maqsadida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida mustahkam hamkorlikni yo'lga qo'yishdan ham manfaatdor", – deyilgan maqola xulosasida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish