Logo

Xitoy ommaviy axborot vositalarida IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi mavzusi

Iyun 11, 2025. 17:01 • 2 daq

42
Xitoy ommaviy axborot vositalarida IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi mavzusi

PEKIN, 11-iyun. /"Dunyo" AA/. "Kitay" jurnalida joriy yilning 9-12-iyun kunlari bo'lib o'tayotgan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF)ga bag'ishlangan maqola chop etildi, deb xabar beryapti "Dunyo" AA muxbiri.

Nashr avvalida bugun O'zbekiston poytaxtida yetakchi xalqaro investorlar, hukumatlar, moliya institutlari va biznes vakillarini birlashtirgan mintaqaviy sarmoyaviy kun tartibidagi muhim voqea – IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi boshlangani ma'lum qilingan.


"2025-yilgi forum misli ko'rilmagan keng ko'lamli formatda o'tkazilmoqda: energetika, infratuzilma, qishloq xo'jaligi, konchilik, raqamli texnologiyalar va boshqa sohalar kabi strategik muhim tarmoqlardagi investitsiya loyihalari xalqaro hamjamiyat e'tiboriga havola etilmoqda", – deyiladi materialda.


Anjuman xalqaro iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashda samarali platforma hisoblanadi. Joriy yilgi forumda Bolgariya Prezidenti Rumen Radev, Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso, Qozog'iston Bosh vaziri Oljas Bektenov, Qirg'iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Adilbek Qosimaliyev, Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov, Turkmaniston Bosh vazirining o'rinbosari Nokerguli Ataguliyev va eng yirik moliya institutlari rahbarlari – Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso va Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef ishtirok etmoqda.


Ma'lum qilinishicha, bu yil forumga 8 mingdan ortiq delegatlar, jumladan, 100 ga yaqin davlatdan 3 mingga yaqin xorijlik mehmonlar tashrif buyurgan. Bunday vakillik jadal rivojlanayotgan sarmoyaviy yurisdiksiya sifatida O'zbekistonga ishonch va qiziqishning yuksakligini ta'kidlaydi.


"Forumning asosiy tadbiri O'zbekistonning birinchi milliy sanoat va investitsiya salohiyati ko'rgazmasi bo'lib, unda neft-kimyo, mashinasozlik, qurilish sanoati va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash kabi jadal rivojlanayotgan 10 dan ortiq sohalardan 90 ta kompaniya namoyish etiladi. Ko'rgazma investorlarga O'zbekistondagi hamkorlikka tayyor bo'lgan salohiyat va loyihalar haqida to'liq ma'lumot olish uchun noyob imkoniyat yaratadi", – deb ta'kidlangan manbada.


Qayd etilishicha, forum 31 davlatdan akkreditatsiyadan o'tgan 114 nafar jurnalist va media ekspertlari tomonidan keng yoritib borilyapti. Ular orasida jahonning yetakchi ommaviy axborot vositalari – CNN (AQSh), Euronews (YI), "The Guardian" (Buyuk Britaniya), "ZDF" (Germaniya), "Al Jazeera" va "Doha News" (Qatar), "Diplomat Magazine" (Niderlandiya), "EU Reporter" (Belgiya), "Daily Times" (Pokiston) vakillari bor.


"IV TXIF bir necha kun davom etadi va panel muhokamalari, loyihalar taqdimotlari, ikki tomonlama uchrashuvlar va O'zbekistonning xalqaro hamjamiyat bilan sarmoyaviy sherikligini yanada mustahkamlashga qaratilgan shartnomalar imzolanishini o'z ichiga oladi", – deyiladi manbada.


"Kitay" jurnali, shuningdek, joriy yilda forum homiylari ro'yxati sezilarli darajada kengayganini, bu esa yetakchi kompaniyalar va investitsiya tashkilotlarining tadbirga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat berishini ta'kidlagan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish