Indoneziyadagi ommabop telekanal va mashhur bloger "TXIF-2025" hamda O'zbekistonning boy madaniy merosi haqida
Iyun 30, 2025. 10:03 • 4 daq
• 63
JAKARTA, 30-iyun. "Dunyo" AA/. Indoneziyaning "Kompas TV" telekanali ijodiy guruhi va "Zeezee Shahab" nomi bilan tanilgan bloger Fauziya Mustafa Kamil Shaxab joriy yilning 10-12-iyun kunlari poytaxtimizda bo'lib o'tgan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida (TXIF) ishtirok etdi va mazkur anjuman hamda O'zbekiston salohiyatiga bag'ishlangan turkum materiallarni e'lon qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Bo'lib o'tgan anjuman to'g'risidagi reportaj va videolavhalar joriy yil 11-13-iyun kunlari Indoneziya televideniyesining "RTVI", "TransTV", "Kompas TV", "Global TV" kabi kanallarining axborot dasturlarida efirga uzatildi.
Xususan, "Kompas TV" IV telekanalida efirga uzatilgan dasturda "2025-yil 10-iyun kuni O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumini tantanali ravishda ochib berdi. Ushbu nufuzli tadbirga 100 ga yaqin mamlakatidan 8 000 nafar ishtirokchi qatnashdi", – deyilgan.
Ta'kidlanganidek, forumning asosiy maqsadi – xalqaro miqyosdagi investorlarni birlashtirish, O'zbekistonda mavjud va rivojlanayotgan investitsiya imkoniyatlarini keng jamoatchilikka taqdim etishdan iborat. Ma'lum qilinganidek, tadbir doirasida energetika, infratuzilma, qishloq xo'jaligi, turizm, geologiya, tog'-kon va raqamli iqtisodiyot sohalaridagi muhim loyihalar taqdimoti o'tkazildi.
"Toshkent xalqaro investitsiya forumi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, o'zaro manfaatli kelishuvlarni amalga oshirish va barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlash maqsadida bir necha yildan buyon muntazam o'tkazib kelinmoqda", – degan dastur muallifi.
Teledasturda, shuningdek, bo'lib o'tgan ushbu forum va ko'rgazma investorlarga O'zbekistonning iqtisodiy salohiyati, turli tarmoqlardagi istiqbolli loyihalar hamda ularga investitsiya kiritish imkoniyatlari to'g'risida mukammal ma'lumotga ega bo'lish imkonini bergani qayd etilgan.
Bundan tashqari, "Kompas TV" muxbiri Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida joylashgan qadimiy obidalarni ziyorat qilgani haqidagi ma'lumotlarni teletomoshabinlar e'tiboriga taqdim qilgan.
Indoneziyada "Zeezee Shahab" nomi bilan tanilgan bloger Fauziya Mustafa Kamil Shaxab o'z kuzatuvchilari e'tiboriga Toshkent shahri, Samarqand va Buxoro viloyatlarining ziyorat turizm salohiyati, O'zbekistonning boy madaniy merosi haqida qator video va fotokontentlarni taqdim etdi.
U to'rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida 31 mamlakatdan kelgan investorlar va 114 nafar jurnalistlar ishtirok etganini qayd etish barobarida, ushbu muhim tadbir unga iliq taassurot qoldirgani haqida yozgan.
Bloger Toshkent bo'lish chog'ida "Hastimom" va Suzuk ota" ziyoratgohlari, "Navro'z" etnik bog'i, Amir Temur xiyoboni, "Tashkent City" hamda "Magic City" majmualari, "Chorsu" bozori, "Beshqozon" milliy osh markazi haqida kontentlar tayyorlab kuzatuvchilari e'tiboriga taqdim qilgan va ularni O'zbekiston diyoriga tashrif buyurishga undagan.
Indoneziyalik bloger, shuningdek, "Chorsu" bozoriga tashrifi davomida o'zbekistonliklar uchun an'anaviy bo'lgan norin taomini birinchi bor tatib ko'rganini va o'zbek xalqining mehmondo'stligi unda katta taassurot qoldirganini ta'kidlagan.
"O'zbekistonga kelishimdan avval, bu yerdagi taomlar Turkiya taomlariga o'xshash bo'lsa kerak deb o'ylagandim. Ammo o'zbek milliy taomlarini tatib ko'rgach, tushundimki, O'zbekiston taomlari o'ziga xos va haqiqatan ham juda mazali ekan", – degan "Zeezee Shahab"
Fauziya Mustafa Kamil Shaxab Samarqanddagi Registon maydoni, Go'ri Amir maqbarasi, Bibixonim masjidi va Shohizinda majmuasi kabi tarixiy obidalarning tarixi, me'moriy o'ziga xosligi haqidagi muhim ma'lumotlarni o'quvchilar e'tiboriga taqdim qilgan.
"Samarqanddagi obidalarga qo'yilgan har bir g'isht va bino O'zbekistonning buyuk tarix va boy madaniy merosi haqida hikoya qiladi. Bu shaharda men sivilizatsiyalar jamlangan javohirni ko'rdim" – deydi jurnalist.
Bloger buyuk sarkarda Amir Temur haqida so'z yuritar ekan, uni Temuriylar imperiyasining asoschisi, tarqoq hududlarni birlashtirib, o'z davrining eng yirik mamlakatini barpo etgan kuchli sarkarda va davlat arbobi sifatida ta'riflagan. Shu bilan birga, Amir Temurning san'at va madaniyat rivojidagi ulkan hissasi e'tirof etilgan "Uning hukmronligi davrida arxitektura, ilm-fan va madaniyat rivojlangan. Amir Temur qoldirgan meros hanuzgacha Markaziy Osiyoda muhim ahamiyatga ega." – deb yozadi bloger.
Indoneziyalik blogerning Buxoro shahrida Poyi Kalon majmuasi, Mir Arab madrasasi, Labi Hovuz va Ark kabi obidalar bilan tanishgani ular haqidagi ma'lumotlar uning kuzatuvchilari tomonidan iliq kutib olindi.
"Buxoroni tinch, xalqi bag'rikeng va samimiy shahar. Bu shaharning qadimiy ruhi, me'moriy qiyofasi, madaniy-ma'rifiy muhiti va odamlarning mehmondo'stligi menga alohida ta'sir qildi. Bu yerda o'zimni xuddi o'tmishda, tarix sahifalari ichida yurgandek his qildim", – deb yozgan "Zeezee Shahab".
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston delegatsiyasi ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi
"Europa Press": Ispaniya va O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida memorandum imzoladi
O'zbek milliy qadriyatlari "Charity Bazaar" xayriya festivalida e'tirof etildi