"Diplomatic Watch": BMT Davlat xizmati forumi davlat xizmatlari kelajagini shakllantirish va Barqaror rivojlanish maqsadlarini ilgari surish uchun noyob imkoniyat yaratadi
Iyun 05, 2025. 09:39 • 2 daq
• 66
VASHINGTON, 5-iyun. /"Dunyo" AA/. AQSHning "Diplomatic Watch" jurnalida "O'zbekiston Samarqandda BMT Davlat xizmati forumini tashkil etishga tayyorgarlik ko'rmoqda" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda ta'kidlanganidek, 23–25-iyun kunlari O'zbekiston ilk bor BMT Davlat xizmati forumini qabul qiladi.
"Ushbu tadbir dunyo bo'ylab davlat rahbarlari, ekspertlar, fuqarolik jamiyati vakillari va innovatsiyachilarni bir joyga jamlaydi. Delegatlar samarali davlat boshqaruvi, raqamli transformatsiya va fuqarolarni jalb qilish bo'yicha strategiyalarni muhokama qiladilar, – deb yozgan manba. – Forum tarixiy Samarqand shahrida bo'lib o'tadi. O'zbekiston o'zining so'nggi islohotlarini namoyish etish va xalqaro hamkorlardan tajriba o'rganishni maqsad qilgan. Mazkur yig'ilish davlat xizmatlari kelajagini shakllantirish va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini ilgari surish uchun noyob imkoniyat yaratadi".
Qayd etilganidek, O'zbekiston davlat sektorida keng ko'lamli islohotlarni amalga oshirmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev hukumatni oshkora, samarali va fuqarolarga yaqin qilishga qaratilgan sa'y-harakatlarga rahbarlik qilyapti. Virtual qabulxona va Xalq qabulxonalari aholiga amaldorlar bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqot qilish imkonini berdi. Mazkur tashabbuslar hukumatning jamoatchilik fikrini eshitadigan va unga amal qiladigan kengroq yo'nalishga o'tayotganini aks ettiradi.
"Huquqiy va institutsional o'zgarishlar taraqqiyotni tezlashtirdi. 2019-yilda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi kadrlar boshqaruvi va kasbiy standartlar sohasida islohotlarni ilgari surishni boshladi. "Mahalla yettiligi" tashabbusi hukumat va jamoalar o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlab, mahalliy muammolarni erta aniqlash va hal etishga yordam bermoqda. 2022-yilda qabul qilingan "Davlat fuqarolik xizmati to'g'risida"gi qonun davlat xizmatlariga ochiq tanlovni joriy qildi va davlat xizmatchilari uchun aniq samaradorlik mezonlarini belgiladi", – deyilgan materialda.
Nashrda forum ishtirokchilari raqamli innovatsiyalar, iste'dodlarni rivojlantirish va hukumat bilan fuqarolar o'rtasida ishonchni mustahkamlash masalalarida g'oyalar almashishlari urg'ulangan.
"BMT Davlat xizmati forumini qabul qilar ekan, O'zbekiston davlat boshqaruvi kelajagini shakllantirishda ham mintaqaviy, ham global darajada yetakchi o'rin egallashga tayyor ekanini namoyon qiladi", – deb yozilgan "Diplomatic Watch" maqolasida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston delegatsiyasi ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi
"Europa Press": Ispaniya va O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida memorandum imzoladi
O'zbek milliy qadriyatlari "Charity Bazaar" xayriya festivalida e'tirof etildi