Logo

Malayziyaning yirik turizm kompaniyalari vakillari uchun O'zbekiston bo'ylab info-tur tashkil etildi

Iyul 09, 2025. 16:24 • 2 daq

58
Malayziyaning yirik turizm kompaniyalari vakillari uchun O'zbekiston bo'ylab info-tur tashkil etildi

KUALA-LUMPUR, 9-iyul. /"Dunyo" AA/. Malayziyaning "MATTA", "BUMITRA" va "PAPUH" sayyohlik assotsiatsiyalari rahbariyati va ularga a'zo yirik turkompaniyalar vakillaridan iborat delegatsiya 3-9-iyul kunlari amaliy safar bilan O'zbekistonda bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mamlakatimiz elchixonasi va O'zbekiston Turizm qo'mitasi tashabbusi tashkil etilgan info-turda, shuningdek, malayziyalik mashhur aktrisa va teleboshlovchi Adrea Abdullah ham yurtimizga keldi. U yurtimizning sayyohlik salohiyatini Malayziya ommaviy axborot vositalarida keng yoritish maqsadida delegatsiya tarkibidan o'rin oldi.

 Bir hafta davom etgan info-tur davomida Malayziya turizm biznes vakillari Jizzax, Samarqand, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahrida bo'lib, mazkur hududlarning ziyorat turizm salohiyati, madaniy merosi va islom dunyosida mashhur muqaddas qadamjolari bilan yaqindan tanishdi.

Safar davomida ikki mamlakat turoperatorlari ishtirokida O'zbekiston turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimotlar va "B2B" shaklidagi uchrashuvlar tashkil etildi. Bo'lib o'tgan muhokamalar yakunida Malayziyadan O'zbekistonga sayyohlar oqimini yana-da oshirish, yangi qo'shma turpaketlarni ishlab chiqish bo'yicha aniq kelishuvlarga erishildi.

Malayziya turizm sohasi vakillari, shuningdek, "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasining "Kuala-Lumpur – Toshkent – Kuala-Lumpur" yo'nalishi bo'yicha aviaqatnovidan foydalanishdi va aviakompaniya tomonidan yo'lovchilarga ko'rsatilayotgan xizmatlar sifatini o'rgandi. 

Ta'kidlash joizki, mazkur info-tur O'zbekiston Prezidentining shu yilning 4-5-fevral kunlari Malayziyaga buyurgan tashrifi davomida yurtimiz ziyorat turizm salohiyatini ushbu davlatga keng targ'ib qilish hamda mamlakatimizga malayziyalik sayyohlar oqimini yana-da oshirish bo'yicha erishilgan kelishuvlar ijrosini ta'minlash doirasida tashkil etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish