Logo

Markaziy Osiyo va KADHK mamlakatlari o'rtasidagi munosabatlar Kuvayt OAV nigohida

Aprel 27, 2025. 10:57 • 2 daq

71
Markaziy Osiyo va KADHK mamlakatlari o'rtasidagi munosabatlar Kuvayt OAV nigohida

AL-KUVAYT, 27-aprel. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning "Q8-PRESS" onlayn gazetasida "Markaziy Osiyo va Ko'rfaz davlatlari: tarixiy aloqalardan strategik sheriklikkacha" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"So'nggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi (KADHK) mamlakatlari o'rtasidagi munosabatlar sezilarli rivojlanish va o'sish tendensiyasini namoyish etmoqda, bu esa keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini o'rnatishga bo'lgan o'zaro intilishni aks ettiradi, – deyiladi nashrda. – Har ikki tomonning ulkan iqtisodiy salohiyati, siyosiy muloqotning faollashuvi hamda madaniy va tarixiy aloqalarga qiziqishning ortishi ushbu hamkorlikning muhimligini belgilab berdi".

2023-yil 19-iyul kuni Jiddada bo'lib o'tgan KADHK va Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining tarixiy birinchi sammiti munosabatlarni rivojlantirishda tub burilish yasadi va uzoq muddatli strategik sheriklikka asos soldi. Samarqand ikkinchi sammitga 2025-yilda mezbonlik qilishi kerak, bu uning Ipak yo'lidagi madaniy va diplomatik almashinuvlar markazi sifatidagi tarixiy maqomini anglatadi.

Qayd etilganidek, Markaziy Osiyo va Arabiston yarim orolini qadimiy savdo yo'llari bilan mustahkamlangan va islom dinining tarqalishi bilan chuqurlashgan ko'p asrlik tarixiy aloqalar bog'lab turadi, xususan, Bag'doddagi Donishmandlar uyi har ikki tomon olimlarini birlashtirgan va islom ilm-fani asoslarini yaratishga hissa qo'shgan. Vaqt o'tishi bilan Buxoro, Samarqand va Marv olimlari, shuningdek, Hijoz olimlari umumiy intellektual tuzilmaning shakllanishiga hissa qo'shdilar.

"2020-yildan boshlab ikki tomon o'rtasidagi munosabatlar hamkorlikning institutsional asoslari yaratilgan yangi bosqichga kirdi. Sammitlar va vazirlar uchrashuvlari bo'lib o'tdi, ularning yakunlari bo'yicha kelgusi hamkorlikning asosiy yo'nalishlari belgilangan "2023-2027-yillarga mo'ljallangan qo'shma harakatlar rejasi" qabul qilindi", – deb xabar qilingan nashrda.

Shuningdek, maqolada Ko'rfaz davlatlarining Markaziy Osiyoga investitsiyalari 2022-yildan buyon uch barobar ko'paygani, islomiy moliyalashtirish sohasidagi hamkorlik kengaygani urg'ulangan. Islom taraqqiyot banki Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi mamlakatlariga 9 milliard dollardan ortiq mablag' ajratdi, uning 60 foizi Markaziy Osiyoga yo'naltirildi.

"Turizmga kelsak, mintaqada Ko'rfaz mamlakatlaridan sayyohlar oqimi ortib bormoqda. O'zbekistonga tashrif buyurgan Ko'rfaz mamlakatlari sayyohlari soni 2023-yildagi 8300 nafardan 2024-yilda 12 ming nafarga yetib, 44 foizdan ko'proqqa oshdi", – deb yozgan muallif.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish