"Sada al-Balad" AA: O'zbekiston intellektual mulkni himoya qilishga qaratilgan xalqaro bitim va konvensiyalarda faol ishtirok etmoqda
Yanvar 12, 2025. 15:11 • 2 daq
• 150
QOHIRA, 12-yanvar. /"Dunyo" AA/. Misrning "Sada al-Balad" axborot agentligi O'zbekistonda intellektual mulkning himoyasini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar va sohada olib borilayotgan keng ko'lamli ishlar to'g'risida maqola e'lon qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Qayd etilishicha, O'zbekiston intellektual mulk himoyasini kuchaytirish bo'yicha qator islohotlarni amalga oshirmoqda. Xususan, maqolada davlatimiz rahbari intellektual mulk obyektlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish masalalariga bag'ishlangan tadbirda agar intellektual mulk masalasi davlat siyosati darajasida ko'rib chiqilmasa, O'zbekiston 10 yildan keyin ham ushbu sohada raqobatbardosh bo'la olmasligini e'tirof etganlari haqida so'z yuritiladi.
Ta'kidlanishicha, intellektual mulkni himoya qilish maqsadida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar doimiy ravishda takomillashtirilib, sohani rivojlantirishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar ishlab chiqilmoqda. "Ilgari intellektual mulkni himoya qilish faqat kodeks va qonunlar bilan tartibga solingan edi, biroq yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 53-moddasida intellektual mulk qonun bilan himoya qilinishi mustahkamlanganligi masalaning konstitutsiyaviy darajaga ko'tarilganligidan dalolat beradi", - deb yozadi nashr.
"Shu bilan birga, O'zbekiston intellektual mulkni himoya qilishga qaratilgan xalqaro bitim va konvensiyalarda faol ishtirok etmoqda. Xususan, O'zbekiston sanoat mulkini, shu jumladan patent huquqi va tovar belgilariga bo'lgan huquqni muhofaza qilish sohasidagi asosiy prinsiplar va qoidalarni belgilaydigan "Sanoat mulkini muhofaza qilish to'g'risidagi Parij konvensiyasi" qatnashchisi hisoblanadi.
"Bundan tashqari, O'zbekiston "Patent kooperatsiyasi to'g'risidagi shartnoma" va "Adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish bo'yicha Bern konvensiyasi"ga qo'shildi, - deya qayd etadi "Sada al-Balad". – Mazkur xalqaro shartnomalarda ishtirok etish intellektual mulkning huquqiy himoyasini yaxshilash va uning xalqaro standartlarga muvofiqligini ta'minlashga xizmat qiladi".
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi