Logo

Saudiya OAV: O'zbek xalqining Ikkinchi jahon urushi yillaridagi jasorati xalqaro hamjamiyatda keng e'tirof etilmoqda

May 12, 2025. 10:03 • 2 daq

46
Saudiya OAV: O'zbek xalqining Ikkinchi jahon urushi yillaridagi jasorati xalqaro hamjamiyatda keng e'tirof etilmoqda

JIDDA, 12-may. /"Dunyo" AA/. Saudiya Arabistonining "Swift News" elektron nashrida "O'zbekiston Prezidenti G'alabaning 80 yilligiga bag'ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 Ta'kidlanganidek, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 9 may kuni Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaning 80 yilligiga bag'ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi.

"Ikkinchi jahon urushidagi g'alaba millionlab insonlarning jasorati, matonati va fidoyiligi natijasidir. Bu ulug' maqsadga erishishda ko'p millatli O'zbekiston xalqining ham salmoqli hissasi bor, – deb yozilgan materialda. – Urush boshlangan paytda respublikamiz aholisi 6 million nafardan ziyod edi. Urush yillarida ikki millionga yaqin o'zbekistonlik frontga jo'natildi. 538 mingdan ziyod kishi jang maydonlarida halok bo'ldi, 158 mingdan ortig'i bedarak yo'qoldi".

Ma'lum qilinganidek, ko'rsatgan mardligi va jasorati uchun O'zbekistondan 214 mingdan ziyod askar va ofitser jangovar orden va medallar bilan taqdirlandi. Vatandoshlarimizdan 301 kishi Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo'ldi, yana 70 kishi "Shuhrat" ordenining barcha darajalari sohibi bo'ldi.

O'zbek xalqi mehnat borasida ham ulkan jasorat ko'rsatdi. Mamlakatimiz frontning ishonchli tayanchiga aylandi: bu yerdan oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon, qurol-yarog' va boshqa zarur resurslar uzluksiz jo'natib turildi. Qisqa muddatda O'zbekiston hududida 170 dan ortiq evakuatsiya qilingan korxonalar joylashtirilgani mudofaa sanoatining uzilishlarsiz ishlashini ta'minladi.

O'sha og'ir yillarda O'zbekiston xalqi yuksak insonparvarlik namunasini ko'rsatib, frontoldi hududlaridan evakuatsiya qilingan 1,5 milliondan ortiq kishini, jumladan, 250 mingdan ziyod yetim bolalarni qabul qildi.

"O'zbek xalqining urush yillaridagi jasorati xalqaro hamjamiyatda keng e'tirof etilmoqda. Mamlakatda ham urush va mehnat fronti qatnashchilarining xotirasini abadiylashtirish, faxriylarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Toshkentda ulug'vor G'alaba bog'i yodgorlik majmuasi barpo etildi", – deya ta'kidlangan nashrda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish