Logo

Shveysariya OAV: O'zbekiston Garvard universiteti taraqqiyot laboratoriyasining Iqtisodiy murakkablik reytingida so'nggi 5 yil ichida 25 pog'ona yuqoriladi

Aprel 24, 2025. 10:05 • 2 daq

71
Shveysariya OAV: O'zbekiston Garvard universiteti taraqqiyot laboratoriyasining Iqtisodiy murakkablik reytingida so'nggi 5 yil ichida 25 pog'ona yuqoriladi

JENEVA, 24-aprel. /"Dunyo" AA/. Shveysariyaning "Diva International" va "International Diplomat" jurnallari saytida "Harvard Growth Lab: 5 yil ichida O'zbekiston iqtisodiy murakkablik reytingida 25 pog'onaga ko'tarildi" sarlavhali maqolalar e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ularda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Garvard universiteti taraqqiyot laboratoriyasining Iqtisodiy murakkablik indeksini tahlil qilgani haqida ma'lum qilingan.

Qayd etilganidek, Garvard universitetining Taraqqiyot laboratoriyasi Iqtisodiy murakkablik indeksi (ECI) natijalarini nashr qildi, unda eksportning texnologik murakkabligi va eksportni diversifikatsiya qilish asosida mamlakatlar reytingi tuzilgan.

"Mazkur reytingda O'zbekiston so'nggi 5 yil ichida 25 pog'ona yuqorilab, 145 ta mamlakat orasida 80-o'rinni egallab, Iqtisodiy murakkablik reytingida o'z mavqeini sezilarli darajada yaxshiladi. Mamlakat iqtisodiyoti barqaror o'sishni ko'rsatmoqda, eksport yiliga o'rtacha 20,5%ga o'sdi, bu mintaqadagi mamlakatlarining boshqa mamlakatlaridagi o'sish sur'atlaridan ancha yuqori", – deb ta'kidlangan nashrlarda.  

Shuningdek, 5 yil davomida eksport o'sishiga o'rta qayta ishlangan sanoat tovarlari katta hissa qo'shgan bo'lib, ishlab chiqarish yana-da murakkabroq bo'lgan mahsulotlar ichida eng yuqori o'sish sur'atlari transport (89%), sanoat uskunalari (77%), elektrotexnika (59%) bo'yicha qayd etilgan. Eksport portfeliga 67 ta yangi mahsulot qo'shilib, bu mamlakatga 2,1 milliard dollar daromad keltirgan.

"2033-yilgacha O'zbekiston iqtisodiyotining yillik o'rtacha o'sishi 5,6%ni tashkil etishi kutilyapti va bu esa dunyoda ikkinchi yuqori ko'rsatkich bo'ladi", – deb yozgan Shveysariya OAV.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish