Yaponiya OAV: Toshkentda O'zbekiston va Yaponiya tashqi ishlar vazirlari darajasida birinchi strategik muloqot bo'lib o'tdi
Sentabr 02, 2025. 18:41 • 2 daq
• 73
TOKIO, 2-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Yaponiyaning yetakchi nashrlari "Nikkei Asia" elektron jurnali, "NHK" milliy telekanali va "Senkai Shimbun" gazetasida Yaponiya tashqi ishlar vaziri Takesi Ivayaning 24-27-avgust kunlari O'zbekiston va Qozog'istonga qilgan tashrifi yakunlariga bag'ishlangan materiallar e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Jumladan, "Nikkei Asia" nashrida e'lon qilingan materialda qayd etilishicha, Yaponiya so'nggi yillarda Markaziy Osiyodagi diplomatik ishtiroki bo'yicha Xitoy, Janubiy Koreya va Yevropa mamlakatlaridan ortda qolmoqda. 2015-yilda Bosh vazir Sindzo Abe tashrif buyurganidan keyin Yaponiya yetakchilari ushbu mintaqaga kelmagan.
Vazir Takesi Ivaya mazkur safar bilan oxirgi uch yilda Markaziy Osiyoga tashrif buyurgan ilk Yaponiya tashqi ishlar vaziri sifatida O'zbekiston va Qozog'istonda rasmiy muloqotlar o'tkazdi.
"Toshkentda O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligida bo'lib o'tgan uchrashuvda sanoat, energetika va logistika sohalarida yangi hamkorlik yo'nalishlari belgilab olindi. Shuningdek, vazir Takesi Ivaya "Isuzu Motors" kompaniyasi bilan hamkorlik qiluvchi Samarqanddagi zavodga tashrif buyurdi", – deyilgan maqolada.
"NHK" telekanali xabariga ko'ra, Toshkentda ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari darajasidagi ilk bor strategik muloqot tashkil etildi va kelgusida uni muntazam o'tkazib borish bo'yicha kelishuvga erishilgan.
"Senkai Shimbun" gazetasi esa ikki vazir tomonidan imzolangan hujjatlarni qayd etar ekan, tashrif doirasida ikki mamlakat savdo va investitsiya sohalarida hamkorlikni mustahkamlash va Yaponiya hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari ishtirokida sammit tashkil etish bo'yicha kelishuvlarga urg'u berdi. Shuningdek, nashrda vaziri Takesi Ivaya rasmiy uchrashuvlardan oldin Toshkentdagi yapon qurbonlari qabriga gul qo'ygani haqida yozilgan.
Materiallar xulosasida "Yaponiya hukumati tashqi ishlar vaziri Takesi Ivaya O'zbekiston va Qozog'istonga tashrif orqali Markaziy Osiyodagi mavqeini va ishtirokini yanada mustahkamlash, mintaqadagi geosiyosiy o'zgarishlar sharoitida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishni maqsad qilmoqda", – deyilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston delegatsiyasi ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi
"Europa Press": Ispaniya va O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida memorandum imzoladi
O'zbek milliy qadriyatlari "Charity Bazaar" xayriya festivalida e'tirof etildi