O'zbekiston sayyohlik salohiyati Yaqin Sharq mamlakatlarining yetakchi ommaviy axborot vositalari nigohida
Iyun 16, 2025. 11:05 • 3 daq
• 68
AR-RIYOZ, 16-iyun. /"Dunyo" AA/. Yaqin Sharq mamlakatlarining yetakchi ommaviy axborot vositalari O'zbekiston turizm salohiyatini yoritishda davom etmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Jumladan, Saudiya Arabistonining "Arab News" gazetasi saytida O'zbekiston Turizm qo'mitasi raisi Umid Shodiyev bilan eksklyuziv intervyu e'lon qilindi.
Intervyu avvalida O'zbekiston-Saudiya Arabistoni o'rtasidagi sayyohlik almashinuvlari haqida to'xtalib o'tilgan. Qayd etilishicha, 2022-yilda turizm bo'yicha hamkorlik memorandumi imzolangan, so'ngra 2023 va 2024-yillarda qo'shma forumlar va yuqori darajadagi uchrashuvlar bo'lib o'tdi.
"Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarimiz yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda", – deydi Umid Shodiyev.
Nashrda, shuningdek, O'zbekistonga saudiyalik sayyohlar soni 2022-yildagi 1731 nafardan 2024-yilda 4100 nafardan oshgani, bu madaniy, gastronomik va tog' turizmiga qiziqish ortib borayotganidan dalolat ekanligi qayd etiladi
Umid Shodiyevga ko'ra, oilaviy sayohatlar, tarixiy yo'nalishlar va qo'shma media kampaniyalarni rivojlantirish uchun ham katta imkoniyatlar mavjud. Shuningdek, turizm universitetlari o'rtasidagi almashinuvlar, jurnalistlarning tashriflari va ta'sir qiluvchilar bilan hamkorlik ko'rib chiqilmoqda.
Suhbatda 2025-yilda O'zbekiston barqaror turizmga e'tibor qaratmoqda va xorijlik sayyohlarning o'rtacha qolish muddatini 10-12 kunga yetkazishni maqsad qilgani urg'ulangan. Saudiya Arabistoni kabi strategik hamkorlik bu maqsadga erishishning kaliti sifatida qaralmoqda.
"Ayni paytda turizm O'zbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan biri hisoblanadi, – degan Umid Shodiyev. – 2024-yilda biz sezilarli sakrashga erishdik: turizm xizmatlari eksporti 1,6 barobarga oshib, 3,5 milliard dollarga yetdi".
Ta'kidlanganidek, bu natijalarni tadbirkorlik faolligining yuksalishi ham qo'llab-quvvatlamoqda: o'tgan yilning o'zida 2 mingdan ortiq yangi sayyohlik korxonalari tashkil etildi.
Intervyu davomida so'nggi sakkiz yilda O'zbekistonga 6,5 milliard dollarlik turizm sarmoyasi jalb etilgani va 130 ming yangi mehmon o'rinlari yaratilgani aytib o'tilgan.
Ma'lum qilinishicha, ushbu yutuqlar jahon darajasidagi turizm ekotizimini yaratishga intilayotganimizni aks ettiradi. Aprel oyida O'zbekiston bir oy ichida 1 milliondan ortiq xorijiy sayyohni qabul qilgani muhim voqea bo'ldi, bu milliy rekorddir.
O'zbekiston 2025-yilda xorijiy sayyohlar sonini va turizm eksportini oshirishni maqsad qilgan.
"O'zbekiston yil davomida o'zining jozibadorligi bilan noyobdir. Bahorda sayyohlar yangilanish bayrami bo'lmish Navro'zni nishonlaydilar, gullab-yashnagan bog'lar, gavjum bozorlar, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivaning tarixiy shaharlari bilan tanishadilar" – deya ta'kidlagan Turizm qo'mitasi raisi.
Intervyu Umid Shodiyevning "Biz dunyoni kutib oladigan, har bir toshida tarix, qalbimizda mehmondo'stlik bor mamlakatmiz", degan so'zlari bilan yakunlangan.
Yamanning "Hadramawt" agentligi saytida "Xivadagi Dishan-qal'aning turistik hududga aylantirilishi" sarlavhali maqola joylashtirildi.
"Xivaning tashqi qo'rg'oni Dishan-qal'a mashhur Ichan-qal'a ichki qo'rg'oniga o'xshash sayyohlik zonasiga aylantiriladi. Vayron bo'lgan qal'a devorini qayta tiklash va unga tutash hududni yashil hudud va shahar aholisi va mehmonlari uchun dam olish maskaniga aylantirish rejalashtirilgan", – deyiladi materialda.
Ma'lum qilinganidek, 1842-yilda Xiva xoni Olloqulixon buyrug'i bilan barpo qilingan Dishan qal'a (tashqi qal'a) bugungi kunda juda xarob ahvolga kelib qolgan. Uzunligi 6200 metr bo'lgan devorning 2000 metr qismi butunlay vayron bo'lgan, 2500 metr qismi esa yaroqsiz holga kelgan. Bundan tashqari, devor atrofida uzoq yillar mobaynida bir qancha noqonuniy qurilishlar amalga oshirilgan. Oqibatda Dishan qal'a devori atrofida yurish uchun umuman maydon qolmagan.
"Dishan qal'ani saqlab qolish maqsadida Xiva shahrining "Shixlar" mahallasidagi 55 ta turar va noturar obyektlarni boshqa hududlarga ko'chirish belgilangan. Ularning o'rnida esa "yashil maydonlar" va "yashil bog'lar" barpo qilish, daraxt ekish, obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish ishlarini olib borish ko'zda tutilgan. Qolaversa, qal'a devori milliy andozalar asosida qayta tiklanib, eski holatiga qaytariladi va atrofida 1,5-2 metr hududda yo'laklar ochiladi. Shuningdek, ushbu hududga tutash bo'lgan "Shixlar" va "Angarik" mahallalarida zamonaviy sayyohlik majmuasi ham barpo etiladi", – deb yozgan Yaman OAV.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston delegatsiyasi ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi
"Europa Press": Ispaniya va O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida memorandum imzoladi
O'zbek milliy qadriyatlari "Charity Bazaar" xayriya festivalida e'tirof etildi