Logo

O'zbekiston Prezidentining to'rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisidagi nutqi Pokiston OAV tomonidan e'lon qilindi

Iyun 12, 2025. 17:57 • 2 daq

54
O'zbekiston Prezidentining to'rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisidagi nutqi Pokiston OAV tomonidan e'lon qilindi

ISLOMOBOD, 15-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bugun bo'lib o'tgan to'rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida so'zlagan nutqi Pokiston jamoatchiligi va ommaviy axborot vositalarida katta qiziqish uyg'otdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Xususan, Pokistonning yetakchi nashrlari – "Associated Press of Pakistan – APP" markaziy axborot agentligi, "Pakistan in the World", "Daily Ittehad", "Daily Spokesman" va "The Frontier Post" gazetalari, "Media Today", "The Gulf Observer", "The Europe Today" va "World News" onlayn-platformalarida davlatimiz rahbarining to'rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisidagi nutqi to'liq shaklda e'lon qilindi.

Pokiston OAV yozganidek, davlatimiz rahbari forumdagi nutqini dunyodagi bugungi vaziyatning qisqacha tahlilidan boshladi. Bugungi kunda geosiyosiy jarayonlar shiddat bilan o'zgarib, global xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga tahdidlar kuchayib borayotgani ta'kidlandi.

Iqtisodiy inqirozning keskinlashuvi va moliyaviy resurslar taqchilligi natijasida jahon yalpi ichki mahsulotining o'sish sur'atlari ketma-ket uchinchi yil pasaymoqda.

O'zbekiston rahbari mintaqaviy mojarolar va muammolarni faqat diplomatik vositalar bilan, xalqaro huquq normalari va prinsiplari asosida, BMT rezolyutsiyalariga muvofiq hal etish muhimligini ta'kidladi.

– Men hozir ta'kidlab o'tgan muammolar bo'yicha barcha sherik davlatlarimizni ochiq va keng ko'lamli xalqaro hamkorlikka chaqiramiz. Chunki forumning asosiy mavzusi bo'lgan investitsiyalar – faqat iqtisodiy taraqqiyotning emas, balki tinchlik va barqarorlikning kafolatidir, - dedi davlatimiz rahbari.

O'zbekiston yetakchisi nafaqat daromad keltiradigan, balki inson qadrini ulug'lash, uning hayotiy manfaatlari va jamiyat taraqqiyotini ta'minlash uchun mustahkam poydevor bo'lib xizmat qiladigan investitsiya muhitini yaratishga chaqirdi.

Mamlakat iqtisodiy taraqqiyotini ta'minlash borasidagi yutuqlariga alohida to'xtalib o'tildi. So'nggi 8 yilda O'zbekiston yalpi ichki mahsuloti ikki barobar ko'paydi. Bu ko'rsatkichni 2030 yilga borib 200 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. 2024-yilda investitsiyalar hajmi 35 milliard dollarga, eksport esa 27 milliard dollarga yetgan.

So'nggi 5 yil ichida O'zbekiston Iqtisodiy erkinlik indeksida 48 pog'onaga, Garvardning Iqtisodiyot murakkabligi indeksida 28 pog'onaga ko'tarildi.

O'tgan oyda nufuzli "S&P" agentligi O'zbekistonning suveren reytingi bo'yicha prognozini "barqaror"dan "ijobiy"ga ko'tardi.

"Bugun jahon iqtisodiyoti yangi o'zgarishlar ostonasida turganini ta'kidlar ekan, O'zbekiston Prezidenti to'rtta muhim yo'nalish bo'yicha hamkorlik qilish muhimligini ko'rsatib o'tdi", – deyiladi nashrlarda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish