Logo

Hindistondan munosabat: O'zbekiston – investitsiyalar va mintaqaviy taraqqiyot markazi

Iyun 22, 2025. 05:02 • 2 daq

72
Hindistondan munosabat: O'zbekiston – investitsiyalar va mintaqaviy taraqqiyot markazi

DEHLI, 22-iyun. /"Dunyo" AA/. Hindiston ommaviy axborot vositalari va ixtisoslashgan portallarida IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) yakunlari haqidagi maqolalar chop etilishi davom etmoqda, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Hindiston global savdo va texnologiyalar kengashi (Global Trade & Technology Council of India – GTTCI) veb-saytida e'lon qilingan maqolada TXIF O'zbekistonning Markaziy Osiyoning asosiy mintaqaviy markazi sifatidagi maqomini yana bir bor tasdiqladi, deb ta'kidlangan.

"Forum 8000 dan ortiq ishtirokchini, jumladan, 97 mamlakatning 3000 ga yaqin vakilini bir maydonchada to'pladi. Buning natijasida o'tgan yilga nisbatan 14,6 foiz ko'p bo'lgan rekord darajadagi 30,5 milliard AQSh dollari miqdorida investitsiya shartnomalari va savdo bitimlari imzolandi", – deyiladi materialda.

Maqola muallifi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O'zbekiston energetika sohasida faol islohotlar olib borayotgani, infratuzilmani rivojlantirayotgani va raqamli transformatsiyani amalga oshirayotgani haqida so'z yuritgan.

GTTCI sayti "Prezident Shavkat Mirziyoyev ochib bergan TXIF-2025ning umumiy majlisi O'zbekistonning ilmiy innovatsiyalar, yashil energiya va inson manfaatlariga yo'naltirilgan rivojlanishga asoslangan Uchinchi Renessansga intilishini namoyon etdi. Davlat rahbari so'nggi sakkiz yil ichida O'zbekiston yalpi ichki mahsuloti ikki barobar oshganini, o'tgan yili 35 milliard dollar to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar jalb etilganini va 2030-yilga kelib milliy YAIM hajmini 200 milliard dollarga yetkazish bo'yicha dadil maqsad qo'yilganini qayd etdi", – deb urg'ulagan.

Shuningdek, materialda GTTCI delegatsiyasi tomonidan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida to'qimachilik, sog'liqni saqlash, farmatsevtika, ta'lim va boshqa sohalarda erishilgan kelishuvlar tafsilotlari yoritilgan.

Xususan, "7Saber" kompaniyasi bilan mazkur o'zbek sport kiyimlari brendining global bozorlarga, jumladan Hindiston va Fors ko'rfazi mamlakatlariga chiqishini qo'llab-quvvatlashni ko'zda tutuvchi Anglashuv memorandumi imzolangani ma'lum qilingan.

GTTCI delegatsiyasi Qoraqalpog'istonga ham safar qilib, kon-metallurgiya sanoati, sog'liqni saqlash, ta'lim va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalariga sarmoyalar jalb etish istiqbollarini muhokama qilgani ham bayon etilgan.

Maqolada "TXIF-2025 O'zbekistonning jahon miqyosidagi ahamiyati va iqtisodiy dinamizmi izchil ortib borayotganining ishonchli namoyishi bo'ldi. GTTCI esa, o'z navbatida, Hindiston va O'zbekiston o'rtasidagi barqaror iqtisodiy va strategik hamkorlikni mustahkamlashga faol hissa qo'shishni davom ettirmoqda", – degan fikrlar ilgari surilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish