Vengriyadan munosabat: Oʻzbekiston yetakchisining Yevropa bilan aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan sa'y-harakatlari global noaniqlik sharoitida yanada xilma-xil sherikliklarga yoʻnaltirilgan kengroq tendensiyani aks ettiradi
Oktabr 26, 2025. 12:13 • 3 daq
• 87
BUDAPESHT, 26-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Vengriya xalqaro munosabatlar instituti katta maslahatchisi va katta ilmiy xodimi, Ishtvan Secheni nomidagi universitet professori Laslo Vasa "Dunyo" AA uchun intervyusida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Bryusselga buyurgan tashrifi yakunlari va Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida imzolagan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimning ahamiyati haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Bryusselga rasmiy tashrifi Oʻzbekiston tashqi siyosatini diversifikatsiya qilish va uning Yevropa bilan munosabatlarini mustahkamlashda muhim bosqich boʻldi. Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida yangi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni imzolashdan iborat boʻlib, u ikki tomonlama chegaradan tashqarida ham kengroq mintaqaviy va strategik ahamiyatga ega. Bu harakat Oʻzbekistonning xalqaro aloqalarini kengaytirish, islohotlar borasidagi yutuqlarni namoyish etish va Markaziy Osiyoning dinamik geosiyosiy muhitida oʻz ta'sirini kuchaytirish niyatidan dalolat beradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016-yildan buyon Oʻzbekistonni zamonaviy, pragmatik va islohotchi davlat sifatida koʻrsatib, uning xalqaro imidjini oʻzgartirishga harakat qilmoqda. Mamlakatda uning ma'muriyati iqtisodiyotni liberallashtirish va ma'muriy modernizatsiyani boshladi. Xalqaro miqyosda Rossiya, Xitoy va Gʻarb davlatlari bilan munosabatlarni muvozanatlashtirishga qaratilgan koʻp vektorli tashqi siyosat yoʻlga qoʻyildi.
Shu nuqtayi nazardan, Bryusselga tashrif Yevropa bilan aloqalarni chuqurlashtirishda muhim qadamdir.
Diplomatik nuqtayi nazardan, tashrif Oʻzbekistonning oʻzini ishonchli va konstruktiv sherik sifatida koʻrsatish istagini ta'kidlaydi. YEI Oʻzbekistonning eng yirik savdo hamkorlaridan biri boʻlib qolmoqda. Energetika, raqamlashtirish, transport aloqasi va ta'lim kabi sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirish sezilarli iqtisodiy foyda keltirishi mumkin. Qolaversa, Yevropa trayektoriyasi Toshkentga Rossiya va Xitoyga qaramligini, xususan, geosiyosiy tarqoqlik va an'anaviy savdo yoʻllarini murakkablashtiradigan sanksiyalar rejimi sharoitida muvozanatlash imkonini beradi. Shu ma'noda Belgiyaga tashrif ham strategik diversifikatsiyadan darak beradi.
Yevropa uchun, ayniqsa, Bryusselda joylashgan Yevropa Ittifoqi institutlari uchun Oʻzbekiston Prezidentining tashrifi ahamiyati kam emas. Markaziy Osiyo Yevroosiyo chorrahasida joylashganligi va Yevropani Osiyo bilan bogʻlovchi yangi savdo va energetika yoʻlaklarida potensial roli tufayli yana strategik manfaatlar mintaqasiga aylandi.
Mintaqadagi eng koʻp aholiga ega, eng boy va markazda joylashgan davlatlardan biri – Oʻzbekiston bilan aloqalarni mustahkamlash YEIga Markaziy Osiyoda "Global darvoza" strategiyasini mustahkamlash imkoniyatini beradi.
Mintaqaviy nuqtayi nazardan qaraganda, Oʻzbekiston yetakchisining Yevropa bilan aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan sa'y-harakatlari Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida global noaniqlik sharoitida yanada xilma-xil hamkorlikni rivojlantirish tendensiyasini aks ettiradi.
Vengriya va boshqa Markaziy Yevropa davlatlari uchun ham bu tashrif alohida ahamiyatga ega. Vengriya "Sharqqa ochilish" siyosati doirasida Markaziy Osiyoda diplomatik va iqtisodiy aloqalarini rivojlantirmoqda va Oʻzbekiston bu strategiyada asosiy hamkorga aylandi. YEI va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash vengriya kompaniyalari uchun, xususan, "yashil" energiya, transport va raqamli rivojlanish kabi sohalarda yangi imkoniyatlar ochishi mumkin. Bu, shuningdek, Vengriyaning YEI va Markaziy Osiyo oʻrtasida koʻprik boʻlib xizmat qilish maqsadini qoʻllab-quvvatlaydi. Budapesht soʻnggi yillarda bu rolni faol ilgari surdi.
Biroq, bu diplomatik sa'y-harakatlarning muvaffaqiyati yangi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim qanchalik samarali amalga oshirilishi va Oʻzbekistonning islohotlarni davom ettirish majburiyatiga bogʻliq boʻladi.
Tashrif shunchaki rasmiy tadbir emas – bu Oʻzbekistonning Yevropa bilan yaqin munosabatlari yoʻlidagi muhim qadamdir va Markaziy Osiyoning Yevroosiyo mintaqasida oʻsib borayotgan rolini ta'kidlaydi. YEI uchun bu tashrif Markaziy Osiyoda tinchlik va yaxshi aloqalar uning kengroq strategik maqsadlari uchun muhim ekanligini eslatib turadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston delegatsiyasi ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi
"Europa Press": Ispaniya va O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida memorandum imzoladi
O'zbek milliy qadriyatlari "Charity Bazaar" xayriya festivalida e'tirof etildi