Dehlidan munosabat: Toshkentda bo'lib o'tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari sammiti barqaror, o'zaro bog'liq va farovon mintaqani qurish jarayonida muhim bosqich bo'ladi
Noyabr 15, 2025. 15:31 • 5 daq
• 247
DEHLI, 15-noyabr. /"Dunyo" AA/. Javaharla'l Neru universiteti Xalqaro tadqiqotlar maktabining Rossiya va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi (Hindiston) professori Sanjay Kumar Pandey "Dunyo" AAga Markaziy Osiyoda izchil rivojlanayotgan mintaqaviy hamkorlik jarayoni haqidagi fikr-mulohazalarini taqdim qildi.

- Markaziy Osiyo Yevropa va Osiyo tutashgan joyda, Sharqni G'arb bilan, Shimolni Janub bilan bog'lab turadi, — deya izoh berdi hind eksperti. — U Yevroosiyo materigining qoq markazida joylashgan. Tarixan mazkur mintaqa buyuk jahon sivilizatsiyalari kesishgan joy bo'lgan. Buyuk ipak yo'li qadimda mintaqani muhim savdo va tijorat markaziga aylantirgan. Uning ahamiyati, shuningdek, boy tabiiy resurslar, ayniqsa uglevodorodlar va foydali qazilmalar zaxiralari, geosiyosiy mavqei, Xitoy va Rossiya kabi yetakchi davlatlar bilan qo'shniligi, shuningdek, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Hindiston, Turkiya va Eron kabi kuchlarning mintaqa davlatlari bilan munosabatlarni rivojlantirishga qaratayotgan sa'y-harakatlari bilan belgilanadi.
Markaziy Osiyo Yevropa va Osiyo o'rtasida strategik jihatdan muhim quruqlik ko'prigi bo'lib xizmat qilgani sababli, mintaqada iqtisodiy integratsiya va siyosiy barqarorlik nafaqat uning sakson million aholisi farovonligi uchun, balki Markaziy Osiyo qo'shnilari uchun ham o'ta muhim ekanligi to'g'risida keng konsensus mavjud. 2005-yilda nashr etilgan BMT Taraqqiyot dasturi hisobotida Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi kengroq mintaqaviy hamkorlik savdo xarajatlarini kamaytirish, mehnat muhojirlaridan pul o'tkazmalarini ko'paytirish va suv-energetika resurslaridan foydalanish modellarini yaxshilash orqali ulkan foyda keltirishi ta'kidlangan edi. Unda, agar qo'shnilar bir-biriga savdo hamkorlari sifatida munosabatda bo'lsa, rasmiy va norasmiy tarif to'siqlarini olib tashlasa va o'zaro hamkorlikka ko'maklashish uchun institutsional va siyosiy tuzilmalarni yaxshilasa, kengroq hamkorlik bilan Markaziy Osiyo to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar uchun jozibador manzilga aylanishi mumkinligi bashorat qilingan.
Ilgari Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni nazardan soqit qilgan ko'plab ekspertlar 2016-yildan beri kuzatilayotgan mintaqaviy hamjihatlikning qayta tiklanishidan hayratga tushmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi ko'p qirrali aloqalarning ushbu ijobiy tendensiyasi qator o'zaro bog'liq omillar bilan izohlanadi.
Birinchi omil – bu Yevropa va Osiyo o'rtasidagi savdoning o'sishi. Markaziy Osiyo davlatlari ushbu tranzit savdosi afzalliklaridan o'zlarining iqtisodiy va bojxona siyosatini muvofiqlashtirish, shuningdek, uzoq vaqtdan beri mavjud bo'lgan siyosiy muammolarni hal qilish orqali to'liq foyda olishi mumkinligini anglab yetdi.
Markaziy Osiyoning ikki yirik davlati – O'zbekiston va Qozog'istondagi ijobiy o'zgarishlar, ularning yangi rahbariyatlari keng qamrovli islohotlarni boshlagani va tashqi dunyoga ochilgani mintaqaviy sheriklik rivojiga jiddiy turtki berdi.
O'zbekiston bu borada yetakchi hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016-yilda hokimiyat tepasiga kelgach, «birinchi navbatda qo'shnichilik» strategiyasiga e'tibor qaratgan holda barcha sohalarni qamrab olgan ulkan islohotlar dasturini hayotga tadbiq qila boshladi. Ushbu omillar va yangi shakllangan o'zaro ishonch samarasida Markaziy Osiyo davlatlari muloqot darajasini oshirdi, jadallashgan mintaqaviy hamkorlik va chuqur iqtisodiy integratsiya yo'liga yuzlandi.
2018-yilda Ostonada bo'lib o'tgan birinchi sammit muhim bosqich bo'ldi, chunki davlat rahbarlari Markaziy Osiyodagi mamlakatlararo munosabatlarga yangi sur'at berish uchun yigirma yillik tanaffusdan so'ng birinchi marta to'liq tarkibda to'planishdi. Bir yoki bir nechta mavzu bilan cheklangan avvalgi sammitlardan farqli o'laroq, bu safargi oliy darajadagi maslahat uchrashuvi har tomonlama qamrovli bo'ldi. Shuningdek, mazkur muloqot tashqi kuchlarning qo'llab-quvvatlashi yoki ishtirokisiz amalga oshirilgan birinchi bunday tashabbus edi. Sammit Markaziy Osiyo davlatlari tabiiy resurslarni boshqarish, chegaralarni delimitatsiya qilish, iqlim o'zgarishi, aloqalarning past darajasi, sifatsiz infratuzilma va boshqa umumiy muammolarni jamoaviy hal qilish hamda mintaqaviy hamkorlikning yangi yo'nalishi va modelini tanlashi uchun ishonchli maydonchaga aylandi.
Toshkentda bo'lib o'tadigan navbatdagi sammit barqaror, o'zaro bog'liq va farovon mintaqani qurish jarayonidagi yana bir muhim bosqich bo'ladi. Chegara masalalarining to'liq hal etilishi ushbu mamlakatlar o'rtasidagi sarhad chiziqlarini do'stlik va hamkorlik ko'priklariga aylantirdi. Suv resurslari va energetika sohasida O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'iziston o'rtasida Qambarota GES-1 loyihasini birgalikda amalga oshirish, Toshkent va Bishkek o'rtasida Chashma manbasidan, O'zbekiston, Tojikiston va Qozog'iston o'rtasida Bahri Tojik suv omboridan vegetatsiya davrida birgalikda foydalanish va boshqa qator kelishuvlarga erishildi. Ushbu hujjatlar mintaqadagi suv va energetika resurslaridan birgalikda foydalanishning muvaffaqiyatli namunasi bo'ldi.
2023-yilda Dushanbeda bo'lib o'tgan beshinchi maslahat uchrashuvida davlat rahbarlari tomonidan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun doimiy mexanizm sifatida Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashi tuzildi. Bu institutsionallashuv jarayonidagi muhim qadamdir. 2024-yilgi Ostona sammitida qabul qilingan va uzoq muddatli ustuvor yo'nalishlarni belgilab beruvchi «Markaziy Osiyo-2040» mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish konsepsiyasining ahamiyati ham salmoqlidir.
Ushbu sa'y-harakatlar natijasida so'nggi sakkiz yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlarining jami yalpi ichki mahsuloti 2,5 barobar oshib, 520 milliard dollarga yetdi, tashqi savdo esa ikki barobardan ko'proq o'sib, 253 milliard dollarni tashkil qildi. Mintaqa ichidagi savdo ikki barobar oshib, qariyb 11 milliard dollarga yetdi, o'zaro investitsiyalar esa 5,6 barobar ko'paydi. Jumladan, O'zbekistonning mintaqaviy hamkorlar bilan savdo hajmi 2016-yildagi 2,4 milliard dollardan 2024-yilga kelib 7,2 milliard dollargacha uch barobar oshdi, qo'shma korxonalar soni esa 1800 tadan ortdi. Markaziy Osiyoning yillik o'rtacha 6% atrofidagi sanoat o'sishi dunyodagi o'rtacha ko'rsatkichdan ikki baravar yuqori. Shu kabi, mintaqa ichidagi turizm hozirda umumiy sayyohlar oqimining 80% dan ko'pini taqil qilmoqda.
Oddiy insonlar o'rtasidagi aloqalar va gumanitar sohadagi hamkorlik ham mustahkamlanmoqda. Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti va Mintaqaviy yoshlar platformasi ishga tushirildi. 2022-yildan boshlab Rektorlar va olimlar forumlari, Madaniyat yillari, ko'rgazmalar, konsertlar va sport tadbirlari muntazam ravishda o'tkazib kelinmoqda.
Ushbu tashabbuslar tufayli yangi mintaqaviy o'ziga xoslik shakllanmoqda. Markaziy Osiyoning xalqaro-huquqiy maqomi va uning yagona mintaqa sifatida e'tirof etilishi o'ndan ortiq muhim davlat va birlashmalar ishtirokidagi «Markaziy Osiyo plyus» muloqoti bilan tasdiqlanmoqda. Transafg'on temir yo'li va Markaziy Osiyo davlatlarining Afg'oniston bilan konstruktiv hamkorlik va rivojlanish sherikligi bo'yicha sa'y-harakatlari ularning kengaytirilgan mintaqaga bo'lgan ishonchi va ijobiy yondashuvini namoyish etmoqda.
Markaziy Osiyo mintaqasi tinchlik va farovonlikning yangi davri ostonasida turibdi va O'zbekistonning bu jarayondagi rolini butun dunyo diqqat bilan kuzatmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi