Logo

Germaniyadan munosabat: O'zbekiston yetakchisining mintaqa rivojidagi xizmatlari e'tirofga loyiq

Noyabr 18, 2025. 11:32 • 3 daq

112
Germaniyadan munosabat: O'zbekiston yetakchisining mintaqa rivojidagi xizmatlari e'tirofga loyiq

BERLIN, 18-noyabr. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning Hessen federal o'lkasi davlat kanselyariyasining Yevropa masalalari va xalqaro hamkorlik departamenti sobiq rahbari Mixael Borxmann "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidentining "Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida" nomli maqolasi haqida fikr bildirdi

– 2017-yilga qadar mintaqa davlatlari rahbarlarining birgalikdagi uchrashuvlari bo'lmagan. Garchi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi Maslahat uchrashuvi 2018-yilda Qozog'istonda o'tkazilgan bo'lsa-da, bu taklif va g'oyaning tashabbuskori Prezident Mirziyoyev sanaladi. O'zbekiston yetakchisi BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Mintaqa davlatlari rahbarlarining muntazam maslahatlashuvlarini o'tkazish tashabbusini ilgari surgan edi.

O'tgan yillar davomida Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasidagi hamkorlik tobora kuchaydi va yana-da samarali tus oldi. Uchrashuvlarda qabul qilingan qarorlar ijrosini ta'minlash uchun muayyan tuzilmalar yaratildi. Qarorlar esa mazmunan boyitib borildi va barcha sohalarni – savdo, ta'lim, sportdan tortib xavfsizlik masalalarigacha qamrab oldi.

2024-yilda Ostona sammitida qabul qilingan keng qamrovli uch yillik reja hamda "Markaziy Osiyo – 2040" mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirish konsepsiyasini alohida qayd etish zarur. Shuningdek, O'tgan yilgi sammitda Prezident Mirziyoyev mintaqa Markaziy Osiyo davlat rahbarlari faxriy nishoni bilan taqdirlangan edi. Albatta, bu qaror O'zbekiston Rahbarining mintaqa sammiti rivojlanishidagi xizmatlari e'tirofidir.

Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu ishonchga asoslangan hamkorlik yo'lini yana-da chuqurlashtirish zarurligini alohida ta'kidlaydi. Xalqaro vaziyatning keskinlashuvi, iqlim muammolari, energiya xavfsizligi ehtiyoji, iqtisodiy ziddiyatlarning ortib borishi kabi murakkab sharoitlarda birdamlik va hamjihatlik har qachongidan ham muhim. Bularning barchasi jipslashib borayotgan Markaziy Osiyo uchun zarurdir.

Prezident Mirziyoyev ta'kidlaganidek, bu hamkorlik strategik ehtiyojga aylangan. Mintaqa davlatlarining uzviy hamkorligi Markaziy Osiyoning barqaror o'sishi va doimiy xavfsizligi uchun, yangi davr bo'sag'asida, muhim tayanch bo'lib xizmat qilmoqda. Ishonch, yaxshi qo'shnichilik va o'zaro hurmat siyosatini yangi bosqichga ko'tarish zarur.

O'zbekiston yetakchisi maqolada mintaqa davlatlarining birdamliklari natijasida haqiqiy yutuqlarga erishilgan ko'plab yo'nalishlarni sanab o'tgan. Uzoq yillar yechilmay kelgan, ammo endilikda hal etilgan chegara masalalar, suv va energetika sohalaridagi hamkorlik qayd etilgan.

Shuningdek, materialda mintaqaviy barqarorlik uchun muhim bo'lgan Afg'oniston masalasini ham e'tibordan chetda qoldirilmagan. Transafg'on temir yo'lining qurilishi mamlakatning iqtisodiy tiklanishi uchun muhim rol o'ynashi alohida ta'kidlanadi.

Muxtasar aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyev o'z fikrlarida tobora jipslashib borayotgan Markaziy Osiyo davlatlari yutuqlarini aytish bilan bir qatorda, mintaqani umumiy Markaziy Osiyo makonida tinchlik, farovonlik va barcha xalqlar taraqqiyoti hukm suradigan bir hududni barpo etish yo'lida qat'iyat bilan davom etish chaqirig'ini ilgari surgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish