Logo

Germaniyadan munosabat: O'zbekiston va Mo'g'uliston katta salohiyatga ega istiqbolli davlatlar sirasiga kiradi

Iyul 02, 2025. 08:57 • 2 daq

121
Germaniyadan munosabat: O'zbekiston va Mo'g'uliston katta salohiyatga ega istiqbolli davlatlar sirasiga kiradi

BERLIN, 1-iyul. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning Hessen federal o'lkasi davlat kanselyariyasining Yevropa masalalari va xalqaro hamkorlik departamenti sobiq rahbari Mixael Borxmann "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 24-25-iyun kunlari Mo'g'ulistonga buyurgan davlat tashrifiga oid fikrlari bilan o'rtoqlashdi:

– Tashrif ikki mamlakat o'rtasidagi do'stlik va keng qamrovli hamkorlik munosabatlarini shakllantirish yo'lida muhim tarixiy qadam bo'ldi, deb o'ylayman.

O'zbekiston va Mo'g'uliston o'rtasidagi munosabatlar o'zaro ishonch va hurmatga asoslangan. Roppa-rosa bir yil oldin, ya'ni 2024-yil 23-26-iyun kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Mo'g'uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux ilk davlat tashrifi bilan O'zbekistonga kelgandi. Uchrashuv davomida ikki davlat hukumatlari, parlamentlar va vazirliklari darajasida aloqalarni rivojlantirish va hamkorlik sohalarini kengaytirish bo'yicha kelishuvlar imzolangan edi.

Ikki mamlakatni ham yaxshi bilaman, ular hayotimda eng yorqin xotiralar bilan muhrlangan. Ko'hna va hamisha navqiron Samarqandga tashrifim chog'ida Registon majmuasida turib tungi yulduzlarni kuzatganim bo'lsa, betakror go'zal tabiatga ega Mo'g'ulistonning Gobi cho'lida yulduzli osmon ostida o'tovda o'tkazgan kezlarim hamon yodimda.

Mazkur davlat tashrifi, albatta, alohida ma'no kasb etadi. Birinchidan, bu ikki davlat o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatilganidan buyon O'zbekiston Prezidentining Mo'g'ulistonga ilk davlat tashrifi bo'lgani uchun ham bu tarixiy ahamiyatga ega. Ikkinchidan, har ikki davlat ham katta salohiyatga ega istiqbolli mamlakatlar sirasiga kiradi. Endi tomonlarning katta imkoniyatlari ishga solinsa, ikki tomonga ham samarali natijalar berishi aniq.

Aytish joizki, O'zbekiston bugungi kunda yalpi milliy mahsulotning ajoyib o'sish sur'atlarini ko'rsatmoqda. Mo'g'uliston ham faqat koronavirus pandemiyasi sababli o'ta og'ir 2020 yilni hisobga olmaganda, juda yaxshi iqtisodiy o'sish ko'rsatkichlar bilan rivojlanib kelayotgan davlatdir. Shu ma'noda, davlat tashrifining asosiy natijalaridan biri sifatida Keng qamrovli sheriklik munosabatlarini o'rnatish to'g'risidagi qo'shma deklaratsiya imzolangani e'tiborga molikdir.

Qolaversa, xoh iqtisod, xoh turizm bo'ladimi ikki davlat o'rtasida hamkorlik qilish uchun ko'plab yo'nalishlar mavjud. Tashrif arafasida o'tkazilgan O'zbekiston va Mo'g'uliston tadbirkorlarining biznes-forumi va uchrashuvlar, imzolangan yangi shartnoma va bitimlar ikki davlat o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni tarixiy yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi.

Xulosa qilib aytadigan bo'lsam, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Mo'g'ulistonga davlat tashrifi ikki mamlakat uchun ham manfaatlidir.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish