Hindistondan munosabat: Fransiya Prezidentining O'zbekistonga tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni yana-da mustahkamlashga zamin yaratdi
Noyabr 04, 2023. 14:52 • 2 daq
• 156
DEHLI, 4-noyabr. /"Dunyo" AA/. "Vivekananda Foundation" tahliliy markazi katta ilmiy xodimi Pravesh Kumar Gupta (Hindiston) "Dunyo" AA uchun intervyusida Fransiya Prezidentining O'zbekistonga 1-2-noyabr kunlari bo'lib o'tgan rasmiy tashrifi yakunlari haqidagi fikrlarini bildirdi:

- O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar samarasida mamlakat ham xalqaro, ham ichki miqyosda mustahkamlandi. O'zbekiston rahbarining sa'y-harakatlari bilan Markaziy Osiyoda tobora kuchayib borayotgan mintaqaviy hamkorlikning konstruktiv muhiti shakllandi va hozirda mintaqa xalqaro darajadagi munosabatlarda umumiy pozitsiyaga ega. Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi davlatlar, jumladan, Rossiya, Hindiston, Xitoy, AQSH va Germaniya bilan sammitlar o'tkazmoqda. Bunday yo'nalishdagi o'zaro hamkorlikning yana-da kuchayishida Fransiya Prezidenti O'zbekistonga tashrifi muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezident Emmanuel Makron Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslarini yuqori baholab, ularni qo'llab-quvvatlashini bildirdi. Ikki davlat Prezidentlari o'zaro munosabatlarni strategik hamkorlik darajasiga ko'tarishga qaror qildilar. Har ikki davlat umumiy manfaatlarga ega, ulardan o'zaro aloqalarni mustahkamlash uchun foydalanish mumkin.
O'zbekistonda Fransiyaning "Orano", "EDF", "Total", "SUEZ", "Eiffage", "Voltalia", "Lactalis", "Veolia" kabi ko'plab korxonalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Mamlakatga jalb etilayotgan fransuz sarmoyalari hajmini oshirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Fransiya O'zbekistonning Yevropadagi asosiy savdo hamkorlaridan biridir. Mamlakat O'zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lish jarayonini tezlashtirishga yordam berish niyatida.
Umuman olganda, davlat rahbarlari madaniy, iqtisodiy, savdo va boshqa ko'plab sohalarda hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini ta'kidladilar, shuningdek, ikki tomonlama aloqalarni yana-da mustahkamlash yo'lida qat'iy ekanini bildirdilar.
Shuningdek, "O'zbekiston-Fransiya" Savdo-sanoat palatasi tashkil etilayotgani va Toshkentda «Business France» agentligi vakolatxonasi ochilgani ham e'tiborga molik. Ta'lim va turizm sohalarida hamkorlik qilish imkoniyatlari belgilandi. Davlat rahbarlari O'zbekiston-Fransiya qo'shma oliy ta'lim muassasasini tashkil etishni jadallashtirishga kelishib oldilar. Sayyohlik almashinuvini rivojlantirish dasturi doirasida Fransiyaning qator shaharlaridan Samarqand, Buxoro va Xivaga charter reyslar jadvalini yaratish taklif etildi.
Fransiya Prezidentining O'zbekistonga tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni yana-da mustahkamlashga zamin yaratdi. Tez o'zgarib borayotgan geosiyosiy landshaftni hisobga olsak, bu har ikki davlat uchun nihoyatda foydali, shuningdek, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot
Yangi O'zbekiston: konstitutsiyaviy islohotlardan – konstitutsiyaviy barqarorlik sari