Xitoyda O'zbekistonning erkin iqtisodiy zonalariga bag'ishlangan taqdimoti tashkil etildi
Noyabr 19, 2025. 14:40 • 2 daq
• 234
XANCHJOU, 18-noyabr. /"Dunyo" AA/. Xanchjou shahrida O'zbekistonning investitsiyaviy salohiyati, erkin iqtisodiy zona va texnoparklar faoliyatiga bag'ishlangan taqdimot bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"BRICS Invest – Connectivity for a Smart Era" xalqaro konferensiyasi doirasida tashkil etilgan ushbu tadbir Xitoyning Xalqaro shartnomalar uyushmasi hamda Chjeszyan provinsiyasi Savdo-sanoat palatasi hamkorligida o'tkazildi. Unda provinsiyaning turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 200 dan ziyod kompaniya va tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Taqdimot davomida O'zbekistonning Shanxay Bosh konsulxonasi xodimlari ishtirokchilarga "Navoiy", "Angren", "Jizzax", "Urgut" va boshqa erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlari, ularda amalga oshirilayotgan loyihalar hamda investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar haqida ma'lumot berdi.
Diplomatlarimizning foyda, mol-mulk, ijtimoiy soliqlar va boshqa turdagi to'lovlardan 3–10 yildan ziyod muddatga ozod qilish, soddalashtirilgan soliq rejimi, import qilinayotgan xomashyo va asbob-uskunalar uchun bojxona imtiyozlari bo'yicha bergan ma'lumotlari xitoylik tadbirkorlarda katta qiziqish uyg'otdi.
Shuningdek, taqdimotda O'zbekistonda farmatsevtika, elektrotexnika, agrosanoat va IT kabi yo'nalishlarda ixtisoslashgan tarmoq va mintaqaviy texnoparklarni barpo etishga katta e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi. Bu yondashuv aniq bir sanoat uchun samarali ekotizim yaratish, turli qiymat zanjirlarining shakllanishi va tezkor rivojlanishi uchun mustahkam asos bo'lib xizmat qilmoqda.
O'zbekiston erkin iqtisodiy zonalari bugungi kunda faqat imtiyozlarga ega hudud emas, balki sanoatlashtirish jarayonlarining harakatlantiruvchi kuchiga, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va global qo'shimcha qiymat zanjirlariga integratsiyalashuvning muhim vositasiga aylanmoqda. Shu bilan birga, xorijiy investorlar uchun to'liq shaffoflik, huquqlarni kafolatli himoya qilish, loyihalarni amalga oshirishning barcha bosqichlarida ko'maklashuvchi maxsus institutlar faoliyat yuritmoqda.
Forum yakuniga ko'ra, Chjeszyan provinsiyasidagi yetakchi kompaniyalardan iborat biznes-delegatsiyaning 2026 yilning birinchi yarim yilligida O'zbekistonga tashrif buyurishi va erkin iqtisodiy zonalar bilan to'g'ridan-to'g'ri hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi